Prezident Qozog‘iston Parlamenti Majlisi Raisini qabul qildi
Jamiyat
−
26 Oktabr 2023
3461Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 26 oktyabr kuni O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanov Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan. Koshanov uchrashuv avvalida O‘zbekiston rahbariga qozog‘istonlik mavqedoshi Qosim-Jomart To‘qayevning salomini yetkazgan. So‘ng esa ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Suxbatda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani qayd etilgan. O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari va qo‘shma korxonalar soni barqaror o‘sib bormoqda, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, logistika va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi o‘rtasidagi Parlamentlararo kengashning bugun bo‘lib o‘tgan birinchi yig‘ilishining samarali natijalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, oliy darajadagi kelishuvlarni so‘zsiz bajarish, hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida yaqin parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish kerakligi qayd etilgan.
Qonun ijodkorligi faoliyati sohasida, o‘z-o‘zini boshqarish organlarini rivojlantirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida tajriba almashish, shu jumladan yosh deputatlar delegatsiyalarining tashriflarini tashkil etish hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida belgilab olingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston poytaxti Ostonaga borishi rejalashtirilgani haqida xabar bergan edik.