Prezident qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida qarorni qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 17 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” qarorni qabul qildi. Qarorning to‘liq matni bilan qo‘yida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5708-son Farmonini ijro etish va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatini takomillashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining(keyingi o‘rinlarda – Vazirlik) tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 132 nafardan iborat O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuzilmasi, viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 3 va 4-ilovalarga muvofiq;

tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limlarining namunaviy tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 5 va 5a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziriga:

zarur hollarda boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida Vazirlik markaziy apparati, Vazirlik huzuridagi tashkilotlar va muassasalar tuzilmasiga o‘zgartishlar kiritish;

Vazirlikning hududiy bo‘linmalari tuzilmalarini va boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida ularning boshqaruv xodimlari cheklangan sonini tasdiqlash;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchi sifatida jalb qilish;

malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda ish haqi miqdori hamda boshqa to‘lovlarni chet el valyutasida belgilash huquqi berilsin.

3. Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda bilim tarqatuvchi mutaxassis va trenerlarni tayyorlash uchun Toshkent davlat agrar universiteti hamda uning Nukus, Andijon va Termiz filiallari huzurida o‘zini o‘zi moliyalashtirish asosida faoliyat ko‘rsatadigan agrotexnologiyalar bo‘yicha axborot-maslahat markazlari (extension center) tashkil etilishinita’minlasin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari agrotexnologiyalar bo‘yicha axborot-maslahat markazlari (extension center) tashkil etilishini, joylashtirilishini va samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlasin.

4. Vazirlik:

a) O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda integratsiyalashgan elektron axborot ayirboshlash tizimi va portali, shuningdek, agrotexnologiyalar bo‘yicha axborot-maslahat markazlari (extension center) tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining texnik ko‘magi va grant mablag‘larini jalb etish masalasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqsin;

b) O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda 2020 yil 1 yanvarga qadar respublika hududlarining ishlab chiqarish va investitsiya salohiyati, zaxira yerlari to‘g‘risidagi axborotlar, statistik va gidrometeorologik ma’lumotlar, infratuzilma ob’ektlari va kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanganligi hamda sohaga doir boshqa ma’lumotlardan iborat “invest.gov.uz/agro” O‘zbekiston investitsiya portalida tegishli axborot bloki va uning mobil ilovasi yaratilishini ta’minlasin.

5. Belgilansinki, 2019 yil 1 maydan:

Vazirlik markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,4 baravarga oshirgan holda qo‘llaniladi;

hududiy bo‘linmalar xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,2 baravarga oshirgan holda qo‘llaniladi.

Ushbu bandni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

6. Vazirlik bir oy muddatda:

a) Vazirlikning yangi tashkil etilgan tarkibiy va idoraviy bo‘ysunuvidagi bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlarni, shuningdek, Vazirlik markaziy apparati xodimlarining lavozim yo‘riqnomalarini tasdiqlasin;

Vazirlikning markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalarini zarur nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarga, Vazirlikka yuklatilgan vazifalarni professional darajada amalga oshirish qobiliyatiga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirsin;

b) xalqaro tashkilotlarning va xorijiy mamlakatlar moliyaviy muassasalarining texnik ko‘magi hamda grant mablag‘larini jalb qilgan holda hududlarda agrotexnologiyalar bo‘yicha axborot-maslahat markazlari (extension center) tarmoqlarini bosqichma-bosqich tashkil etishga doir “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlasin;

v) aniq ko‘rsatkichlar va maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan Vazirlik, uning bo‘linmalari va ular rahbarlarining faoliyatini baholashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligini strategik rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dasturlarini amalga oshirish sifati hamda samaradorligini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlarni ko‘rsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

8. Vazirlik ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                     Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 17 aprel


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

18

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing