Prezident qishki sportni rivojlantirishga doir qaror imzoladi
Jamiyat
−
05 fevral 2020
3579O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjatning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Yurtimizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning qishki sport turlari bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilma yaratish, mamlakat sportchilarining xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, qishki sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish borasida bir qator qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarurati vujudga kelmoqda. Jumladan:
joylarda qishki sport turlari bo‘yicha musobaqalarning tizimli o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olishning (seleksiya) samarali va shaffof tizimini yaratish, terma jamoalar tarkibini sifatli shakllantirish uchun yuqori malakali sportchilar zaxirasi tayyorlanishini ta’minlash;
qishki sport turlarini rivojlantirish uchun zamonaviy moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda xalqaro standartlarga javob beradigan sport anjomlari, asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlash;
qishki sport turlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yaratish;
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qishki sport turlari bo‘yicha zamonaviy moddiy-texnika bazasi va infratuzilmani yaratish bo‘yicha nodavlat sektor bilan o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yish.
Qishki sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish, O‘zbekiston sportchilarini xalqaro sport musobaqalari, shu jumladan, Pekin shahrida (Xitoy) 2021 yilda bo‘lib o‘tadigan qishki Osiyo o‘yinlari hamda 2022 yilda o‘tkaziladigan XXIV qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash va ushbu musobaqalarda munosib ishtirokini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekistonda qishki sport turlarini 2020–2023 yillarda rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Dasturni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutiladigan mablag‘lar;
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar, Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, jamg‘armalar, sport federatsiyalari (uyushmalari), klublari, xorijiy investorlar, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablag‘lari;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. 2023 yil 1 yanvarga qadar Qishki sport turlari assotsiatsiyasi, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi, ularning hududiy bo‘linmalari, qishki sport turlari bo‘yicha professional klublari va nodavlat bolalar sport maktablari:
mol-mulk solig‘i hamda jalb qilingan xorijiy sportchilar va mutaxassislarning daromadlariga ijtimoiy soliq stavkalarini 50 foizga kamaytirilgan holda to‘laydi;
qishki sport turlari bo‘yicha sport ob’ektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari, inventarlari va maxsus professional sport kiyimlari, transport vositalari, shu jumladan, maxsus transport vositalarini olib kirganlik uchun bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi.
Belgilansinki, mazkur bandning uchinchi xatboshidagi imtiyoz va shartlar Dastur doirasida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va uning huzuridagi tashkilotlar, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ham tatbiq etiladi.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining:
2020 – 2023 yillarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida hududlarda xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy sport asbob-uskunalari bilan jihozlangan yengil konstruksiyali yopiq muz qoplamali maydonlarni qurish;
qishki sport turlari bo‘yicha xorijiy mutaxassis va trenerlarni ishga jalb qilish hamda ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida belgilangan tartibda xizmat uylari sifatida uy-joy ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
Belgilab qo‘yilsinki, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida barpo etiladigan yopiq muz qoplamali maydonlarning loyiha-smeta hujjatlari majburiy tartibda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishiladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga 2020/2021 o‘quv yili uchun ajratilgan qabul parametrlarini yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlashda qishki sport turlari uchun o‘rin ajratilishini ta’minlasin;
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida qishki sport turlari kafedrasini tashkil qilsin;
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda 2020 yilning yakuniga qadar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi “Sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish markazi” davlat korxonasining Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Beldirsoy” sport bazasida xalqaro va respublika darajasidagi musobaqalarni o‘tkazish uchun yengil konstruksiyali bino va inshootlar barpo etish, yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash, dor yo‘lini zamonaviy anjom, asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlash ishlarini amalga oshirsin;
O‘zbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi va O‘zbekiston xokkey federatsiyasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasining xorijda ta’lim olish, stajirovkadan o‘tish va malaka oshirish dasturlari bo‘yicha ochiq stipendiya tanlovlarida qishki sport turlari bo‘yicha professor-o‘qituvchilar tarkibi va trenerlarning faol ishtirokini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabining Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Chimyon qishlog‘ida joylashgan “Paxtakor” sport bazasini rekonstruksiya qilish ishlarini tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq 2020–2021 yillar uchun mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda zarur markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar limiti belgilangan tartibda ajratilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda O‘zbekistonda qishki sport turlarini rivojlantirish hamda ushbu soha uchun malakali trenerlarni tayyorlash muammolariga bag‘ishlangan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2020–2021 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-amaliy loyihalar tanlovini tashkil qilsin.
8. Qishki sport turlari assotsiatsiyasi, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi, ularning hududiy bo‘linmalari, qishki sport turlari bo‘yicha professional klublar va nodavlat bolalar sport maktablariga olti oydan ko‘p bo‘lgan muddatga tuzilgan shartnomalar asosida jalb qilingan xorijiy sportchilar va mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasi soliq rezidenti deb hisoblanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
9. Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Toshkent shahar hokimligi tizimidagi “Oromgoh” davlat unitar korxonasining Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Chimyon qishlog‘ida joylashgan ikkita dor yo‘li hamda chang‘ida uchish trassasini tegishli hududi bilan birgalikda Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabiga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Toshkent shahar hokimligi ikkita dor yo‘li hamda chang‘ida uchish trassasini belgilangan tartibda topshirilishini, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi qabul qilib olishini hamda ulardan samarali foydalanilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduhakimov – qishki sport turlari bo‘yicha zamonaviy sport inshootlarini barpo etish va infratuzilmani rivojlantirish choralarini ko‘rsin (shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida), ushbu qarorda belgilangan vazifalarni to‘liq va sifatli amalga oshirish uchun aloqador vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirsin, har oyda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etsin;
O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.H.Nabiyev – O‘zbekistonda qishki sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin, sportning mazkur turlari bo‘yicha faoliyat olib borayotgan nodavlat tashkilotlar (federatsiyalar, assotsiatsiyalar va boshqalar) bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin, Dasturda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda mas’ul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari – mahalliy va xorijiy tadbirkorlik sub’ektlariga, tashkilotlarga jismoniy tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish majmualari hamda sport inshootlarini qurish uchun yer uchastkalarini belgilangan tartibda ajratsin, hududlarda qishki sport turlarini rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – Dasturda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirsin;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Ko‘chimov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D.Xadjayev – qishki sport turlarini ommalashtirishga qaratilgan maqolalar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2020 yil 4 fevral
LiveBarchasi