Prezident qator viloyatlardagi bank rahbarlarini lavozimidan ozod qildi
Jamiyat
−
02 avgust 2023
19803Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari Markaziy bank rahbarlarini lavozimidan ozod qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida muammoli kreditlar ulushi 19 foizdan 16 foizga pasaygan va 6,5 mingdan ziyod mahallada muammoli qarzdorlik qolmagan. Biroq haligacha qariyb 3 trillion so‘mlik kreditlar qaytmagan.
Banklar kesimida eng ko‘p muammoli kreditlar Xalq banki, “Mikrokreditbank” va “Agrobank” hissasiga to‘g‘ri kelishi, ayniqsa, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ishlar ahvoli qoniqarsiz deb topilgan.
Shuningdek, hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda 2,5 mingta holatda 68 milliard so‘m kreditlar maqsadsiz sarflangani aniqlangan.
Shu munosabat bilan:
Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari Markaziy bank rahbarlarini, Xalq bankining Namangan va Surxondaryo, “Agrobank”ning Andijon va Farg‘ona hamda “Mikrokreditbank”ning Toshkent viloyatlari rahbarlarini lavozimidan ozod qilish hamda muddati o‘tgan qarzdorlik yuqori 15 ta tuman va shahar banklari rahbarlarini to‘liq yangilash masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat rahbari soliq xodimlari o‘rtasida korrupsiyaviy jinoyatlar soni yildan-yilga ko‘payayotganini tanqid qilgan edi. Shuningdek vazifasini lozim darajada amalga oshirmagan 26 ta soliq idorasi rahbarini ishdan olgandi.
LiveBarchasi