Prezident qator xizmatlar uchun soliqlarda yengillik berish taklifi bilan chiqdi
Jamiyat
−
27 iyul 2020
9381Avval xabar berganimizdek, Bugun, 27 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Prezident yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun odamlarning legal ishlashiga ko‘maklashish, ularni manfaatdor qilish kerakligini ta’kidladi.
Masalan, o‘zini o‘zi band qilish tizimi soddalashtirilgani natijasida iyul oyining o‘zida 184 ming fuqaro rasmiy sektorda ish yurita boshladi.
Lekin, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, transport va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida norasmiy bandlik darajasi hamon yuqori. Umuman, iqtisodiyotda band bo‘lgan 10,5 million aholining atigi 4,9 millioni daromad solig‘i to‘laydi.
Yig‘ilishda bunday sohalar bo‘yicha manzilli ishlash, norasmiy faoliyat yuritayotgan sub’ektlarni rag‘batlantiruvchi mexanizmlar orqali yashirin iqtisodiyotdan olib chiqish kerakligi aytildi. Savdo, umumiy ovqatlanish, transport va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida plastik kartalar va boshqa turdagi kontaktsiz to‘lovlarni aylanma daromad solig‘ini hisoblash bazasiga kiritmaslik taklifi bildirildi.