Prezident qarori bilan tashkil etilgan ikki yangi tashkilotga rahbarlar tayinlandi
Jamiyat
−
10 Sentabr 2019
7144O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kecha, 9 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati tashkilotilari va ularning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida esa Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tashkil etilgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 10 sentyabr kuni ushbu agentliklarga rahbarlar tayinlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligida bo‘lib o‘tgan anjumanda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirok etdi. Bu haqda SSV xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Nurmat Satiniyazovich Otabekov Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i – O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat sanitariya inspektori, Bahrom Ibragimovich Almatov Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori – O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat sanitariya vrachi etib tayinlandi.
Ma’lumot o‘rnida, Nurmat Otabekov bugungi kungacha Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori, Bahrom Almatov esa Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
LiveBarchasi