Prezident Italiyaning Toskana viloyati gubernatorini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 14 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eujenio Jani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston – Italiya strategik sherikligini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Hududlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Barcha darajalarda ikki tomonlama muloqotlar faollashgani va hamkorlikning asosiy ko‘rsatkichlari izchil o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 25 foizga oshgan. O‘zbekistonda metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida Italiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Toskanani ko‘p asrlik tarixiy va madaniy aloqalar bog‘lab turishi ta’kidlangan. Buyuk ipak yo‘li davrida Florensiya bilan O‘zbekistonning qadimiy shaharlari o‘rtasida faol savdo-sotiq qilingan, florensiyalik savdogar va diplomatlar esa Amir Temur saroyida qabul qilingan.

Bugungi kunda Toshkent shahrida Piza universitetining filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda mazkur filial mehnat bozoriga ilk bitiruvchilarni chiqaradi. Prato shahrida O‘zbekistonning to‘qimachilik mahsulotlari savdo uyi ishlamoqda. 2024 yilda Florensiyadagi Uffitsi galereyasida O‘zbekistonning avangard san’ati asarlari ko‘rgazmasi tashkil etilgan.

Toskana viloyati bilan to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va zargarlik sanoati, qurilish hamda ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish katta salohiyatga ega ekanligi ta’kidlangan.

Toskana va Buxoro viloyati o‘rtasida sheriklik aloqalarining rivojlanayotgani hamda hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani yuksak baholangan.

Uchrashuv yakunida Toskana bilan O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.

Toskana Italiyaning eng iqtisodiy rivojlangan hududlari qatoriga kiradi va kuchli sanoat salohiyati, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi, jahonga mashhur vinochilik hamda turizm tarmog‘iga ega.

Viloyatning ma’muriy markazi – Florensiya esa jahon madaniyati, ilm-fani va san’ati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Uyg‘onish davrining umume’tirof etilgan “beshigi” hisoblanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing