Prezident issiqlik markazini borib ko‘rdi
Jamiyat
−
14 Oktabr 2023 8229 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining Shayxontohur tumanidagi 3-sonli issiqlik markazini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, mazkur majmua 1972 yilda qurilgan. Bu yerdagi 5 ta qozonxona umumiy qiymati 400 Gkal quvvatga ega. Jami 491 ta ko‘p qavatli uy, 150 dan ortiq ijtimoiy soha muassasalarini issiqlik bilan ta’minlaydi.

“O‘tgan qishda havo keskin sovib ketishi oqibatida tabiiy gaz bosimi pasayib, iste’molchilarga issiqlik yetkazish qiyin bo‘lgan edi. Shuning uchun joriy yilda issiqlik markazida muqobil yoqilg‘idan foydalanish imkoni yaratildi. Xususan, mazut xo‘jaligi qurilib, qozonlarning ikkitasi aralash shaklda – gaz va mazutda ishlashga moslashtirildi. Barcha qozonxonalar ta’mirlandi. Shuningdek, gaz bosimini ta’minlash maqsadida inshootga 4,6 kilometr alohida quvur tortildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, tarmoq 30 daraja sovuq haroratgacha barqaror ishlaydi. Bunday paytlarda zaxiralangan mazutdan ishlatiladi. Quvurlar izolyatsiyasi mustahkamlangani uchun issiqlik yo‘qotilishi kamaytirilgan. Natijada aholiga 65 darajadan kam bo‘lmagan issiqlik yetkazib beriladi. Xuddi shu tartibda 5-sonli issiqlik markazi ham modernizatsiya qilingan.

“Ochig‘i, uzoq yillar davomida bu tizimga e’tibor bo‘lmagan. Issiqlik korxonalari eski resursda, eskicha uslubda ishlab kelgan. Lekin olingan issiqlik sarflangan xarajatga nisbatan o‘zini oqlamadi. Bundan odamlar ham rozi bo‘lmadi, korxonalar ham manfaat topmadi. O‘tgan yilgi sinovdan va imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilyapmiz. Endi issiqlikni saqlash va tejash choralarini ko‘rish kerak”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Live
Barchasi