Sergelidagi uylar arzonlashtiriladi. Vazifalar to‘liq bajarilmaguncha nazorat qattiq bo‘ladi

Jamiyat

image

O‘tgan oyda Sergeli tumanining 5-dahasida barpo etilgan arzon uylarning sifati va narxi masalasi ayrim e’tirozlarga sabab bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘i bilan 11 aprel kuni Sergeli tumani hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida ushbu uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi.

Sayyor yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalarni joyining o‘zida o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha ikkita komissiya tuzilib, iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev rahbarligidagi komissiyaga uylarning narxlari masalasini o‘rganish va imkon qadar arzonlashtirish bo‘yicha taklif ishlab chiqish, qurilish vaziri Abduqahhor To‘xtayev rahbarligidagi komissiyaga qurilishdagi kamchiliklarni o‘rganish va joyining o‘zida bartaraf etish vazifalari topshirilganni haqida avval xabar bergan edik.

Joriy yilning 21 aprel kuni ushbu komissiyalarning dastlabki yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda komissiyalar rahbarlarining axborotlari tinglanib, tanqidiy muhokama qilindi. Ishni yanada jadallashtirish, komissiyalar faoliyatiga jamoatchilik vakillari, shu xonadonlarda yashaydigan fuqarolarni keng jalb etish zarurligi ta’kidlandi. Ijtimoiy uylar qurilishini biznesga aylantirib yuborishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy uqtirildi.

Aholi oldida hisobot berildi

7 may kuni Sergeli tumani hokimligida komissiyalarning o‘rganishlari natijalari haqida aholi oldida hisobot berildi.

Yig‘ilishda komissiyalar o‘z ishini xalqimiz bilan bamaslahat, hamjihatlikda amalga oshirgani, qilinayotgan ishlardan jamoatchilikni xabardor qilib borish maqsadida komissiyalar ishiga loyiha institutlari, moliya, soliq, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan birga yirik nodavlat notijorat tashkilotlar, xususan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi, xotin-qizlar qo‘mitalarining vakillari, katta hayotiy tajribaga ega faollar, shu yerda yashaydigan fuqarolar jalb qilingani aytib o‘tildi.

Narx 3 981 700 so‘mdan 3 253 100 so‘mgacha tushadi

Yig‘ilishda iqtisodiyot va sanoat vaziri B. Xo‘jayev Sergeli 5-dahasidagi 34-uy misolida qurilishdagi sarf-xarajatlarni har bir band bo‘yicha batafsil tahlil qilib berdi. Xonadonlar uchun belgilangan narxlarni har bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 700 ming so‘mgacha arzonlashtirish, ya’ni qurilish tashkilotlarining foydasini, bank marjasini kamaytirish, qurilish tashkilotlari va ushbu uylar uchun qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga davlat tomonidan berilgan imtiyozlardan oqilona foydalanish va boshqalar hisobiga uylarning har bir kvadrat metri narxini 3 981 700 so‘mdan 3 253 100 so‘mgacha tushirish imkoniyatlari borligini ta’kidladi. 

Aholi vakillari bu yangilikni xursandchilik va minnatdorlik bilan kutib oldi.

Muloqotda so‘zga chiqqanlar Prezident e’tiboridan va murojaatlari o‘z vaqtida yechim topayotganidan mamnun ekanliklarini bildirdi.

Farzandlarimiz Prezidentimizga o‘xshasin

Akmal Qalandarov, 40-uyda yashovchi fuqaro:

– Bizga shunchalik e’tibor qaratilib, oilamiz, farzandlarimiz uchun shunday qulay shart-sharoit yaratib berilayotganidan behad minnatdormiz. Qurilish tashkilotlariga ham rahmat, kechani kecha, kunduzni kunduz, sovuqni sovuq demay ishladi, hamma bahamjihat bo‘lib, kamchiliklar tuzatildi. Bunday bo‘lishini ochig‘i kutmagan edik. Va’da beramiz, shu xonadonlarda farzandlarimizni Prezidentimiz kabi xalqqa xizmat qiladigan, fidoyi qilib tarbiyalaymiz.

“Qo‘y berdi-yu ipini bermadi”...

Mavluda Salohiddinova, 22-uyda yashovchi fuqaro, pensiyadagi o‘qituvchi:

– Ko‘p mamlakatlarda bo‘lish nasib etgan menga. Hech qayerda o‘zbekchalik bir-biriga g‘amxo‘r millatni ko‘rmadim. Xalqimiz nimaga erishgan bo‘lsa, bir-biriga yelkadosh bo‘lib, sabr-qanoat bilan erishdi. Sabr qildik va mana ikki yil ichida qancha-qanda yangi uylar qurilib, uysiz, ijara yashab sarson-sargardon bo‘lib yashayotgan odamlar o‘z uyiga ega bo‘ldi. Bu baxtga erishgan qo‘ni-qo‘shnilarimning quvonchini qarang. To‘g‘ri, bitta-ikkita kamchiligi bo‘lishi mumkin. Ularni tuzatsa bo‘ladi.

Hindistonga borganimda odamlar aeroportda, ko‘chalarda ustiga gazeta yopib yerda yotganini ko‘rganman, Turkiyadek davlat fuqarolarining aksariyati o‘zining uyiga ega emas. “Sizlar bolalaringizga meros qoldirmaysizlarmi?” deb hazil-huzil qilganmiz. Eng rivojlangan mamlakatlarda ham aholi katta qismining o‘z uyi yo‘q.

Mana bizda Prezidentimizning umri uzoq bo‘lsin, eng muhtoj, yillar ishlasada uy ololmaydigan odamlarni ham uy bilan ta’minlayaptilar. Shundan ham nolisak “qo‘y berdi-yu ipini bermadi” deganday bo‘lib qolmasinda!

Ijtimoiy masalalar hal etiladi, 10 000 ish o‘rni yaratiladi

Yig‘ilishda har bir fuqaroning murojaati tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Yangi qurilayotgan uylar hududida maktab, bog‘cha, poliklinika, oziq-ovqat do‘konlari tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash kabi ijtimoiy masalalarni hal etish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar boshlangani ma’lum qilindi. Xususan, talab va ehtiyojdan kelib chiqib, bu yerda davlat dasturlarida ko‘zda tutilganidan tashqari yana 4 ta maktab va 4 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, bitta poliklinika qurilishi shu yilning kuzida yakuniga yetkazilishi ta’kidlandi.

Hududga biriktirilgan sakkizta tijorat banki tomonidan sakkizta modul bo‘yicha aholini, xususan ayollarni ish bilan ta’minlash loyihalarini amalga oshirishni boshlab yuborgan. So‘zga chiqqan ayollardan beri unga allaqachon kredit ajratilgani va uchta tikuv mashinasi olib, uyida ish boshlaganini mamnuniyat bilan aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, Sergeli tumanidagi eski aeroport o‘rnida yirik ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilib, bu yerda 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Bu ish o‘rinlariga avvalo yangi uylarga ko‘chib kelgan aholi ishga qabul qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Sergeli arzon uy-joy

Baholaganlar

40

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing