Prezident ichimlik suvi masalasida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 30 ta tuman va 1 ming 400 ta mahallada ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash talab etiladi. Ular uchun toza suv manbasini topish zarur. Bu haqda bugun, 22 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z borgan.

Prezident Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, so‘nggi olti yilda ichimlik suvi sohasiga davlat byudjetidan 14 trillion 500 milliard so‘m yoki oldingi davrga nisbatan 6 baravar ko‘p mablag‘ ajratilgan. 31 ming kilometr ichimlik suvi va oqova tarmoqlari o‘tkazilgan, 1200 ta suv inshootida qurilish-ta’mirlash bo‘lgan. Bu ishlar natijasida mingta mahalladagi 6,5 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor toza ichimlik suvi kirib bordi.

Lekin, hali 30 ta tuman va 1 ming 400 ta mahallada ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash talab etiladi. Ular uchun toza suv manbasini topish zarur.

“Ko‘p hollarda suv behuda yo‘qotilayapti, iste’molning aniq hisobi yo‘q. Ayrim nasoslar, soha korxonalariga tegishli maxsus texnikalar eskirgan”, deyiladi bayonotda.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shu kabi muammolar muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilangan.

Yig‘ilishda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatiga joriy yil yakunigacha 12 ming kilometr tarmoq hamda 1300 ta suv inshootini qurish va ta’mirlash vazifasi qo‘yilgan. Buning hisobiga 145 ta mahalladagi 1 million 100 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvidan bahramand bo‘ladi, 2 mingta mahalladagi ta’minot yaxshilanishi kutilmoqda. 

Shuningdek, viloyat hokimlariga xalq deputatlari bilan birga kelgusi yil uchun dastur ishlab chiqib, hukumat qaroriga kiritish topshirilgan. Bunda suv ta’minoti darajasi past 30 ta tumanga alohida e’tibor qaratish zarurligi urg‘ulangan.

Qo‘shrabot tumanida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, Buxoro va Jizzax shaharlarida oqova suv, Guliston, Yangiyer va Shirin shaharlarida kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish kabi loyihalarning bajarilishi ko‘rib chiqilgaan.

Buxorodagi ishlar xarajati maqbullashtirilgani bu borada namuna qilib ko‘rsatilgan. Xususan, Buxoro shahrida tozalash va oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 281 million dollarlik loyihaning 75 million dollari iqtisod qilingan. Bu mablag‘ evaziga yana 1150 kilometr suv va 117 kilometr oqova tarmoqlarini qurish mumkinligi aytilgan.

Shu kabi loyihalarning xarajatlarini maqbullashtirish, iqtisod qilingan mablag‘larni o‘sha hududdagi suv ta’minoti va oqova tizimini yaxshilashga yo‘naltirish muhimligi aytilgan.

Soha mutasaddilari va viloyat hokimlariga yana 24 ta istiqbolli loyihaning texnik-iqtisodiy jihatlari yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan. 

Suv yetkazuvchi nasoslarni energiya tejamkoriga almashtirish, soha korxonalarini moliyaviy barqarorlashtirish choralari ham belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Ichimlik suvi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing