Prezident fermerlarga yengillik berdi
Jamiyat
−
19 mart
8919Fermerlar soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagani uchun shu paytgacha yig‘ilib qolgan 1 trillion so‘mlik penyani undirishdan voz kechiladi. Bu haqda bugun, 19 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvida ma’lum qilindi.
“Endilikda kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan normativ hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy e’lon qilinadi.
Fermerlar uchun ham muhim yangilik – soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagani uchun shu paytgacha yig‘ilib qolgan 1 trillion so‘mlik penyani undirishdan voz kechiladi”, dedi Prezident.
Shuningdek, hozirda barcha toifadagi tadbirkorlarga faoliyatini tugatish uchun bir xil talab belgilangan. Ya’ni, kattami-kichikmi, barchasi moliyaviy auditdan o‘tishga majbur. Oqibatda, ixtiyoriy tugatishga ariza bergan minglab kichik korxonalar qachon tekshiruvchi kelib, auditdan o‘tkazishini kutib turibdi.
Shu bois bu jarayon ham soddalashishi e’lon qilindi. Oxirgi uch yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshmagan, soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydi.
Bundan tashqari, 2028 yil 1 yanvarga qadar QQS va foyda solig‘i stavkasi oshirilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Prezident tadbirkorlarda yangilik qilish, tannarxni pasaytirish, sifatni yaxshilash orqali yangi bozorlarga chiqishga ishtiyoq tobora kuchayib borayotganini ta’kidladi. Lekin ularning hammasi ham buning uchun qayerga borib, kimga uchrashish, qayerdan mutaxassis, yangi texnologiya olib kelishni bilmasligi qayd etildi.
Shu bois 20 ta tumanda kichik va o‘rta sanoat korxonalarini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari tashkil etiladi. Ularga xorijiy muhandis, texnolog, dizayner, buxgalter va marketologlar olib kelinadi. Bu maqsadlarga shu yilning o‘zida 100 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Loyiha ofislari korxonalarga tannarxni tushirish, sifat va texnologiyani yaxshilashga, ularni yiriklashtirib, sanoat darajasiga olib chiqishga ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, kichik biznesda yangi “drayver” bo‘ladigan uskuna va dastgohlar, tibbiy vositalar, elektronika sanoati, logistika kabi sohalarda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida dasturlar qabul qilinadi.
LiveBarchasi