Prezident farmoni bilan ID-kartani berish tartibi tasdiqlanadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiyalash ID-kartani rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Farmon bilan O‘zbekistonda identifikatsiyalash ID-kartani rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari tasdiqlanadi.

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalash ID-kartasi to‘g‘risidagi nizom;

O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiyalash ID-kartasi to‘g‘risida nizom tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalash ID-kartasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ID-karta egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjat hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalaniladi.

ID-karta O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tug‘ilganidan boshlab beriladi. O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 18 yoshdan ID-kartaga ega bo‘lishlari shart.

ID-karta fuqarolarga quyidagi amal qilish muddatlariga beriladi:

•    tug‘ilgan kunidan boshlab bir yoshgacha – ikki yil muddatga;

•    bir yoshdan 16 yoshgacha – 5 yil muddatga;

•    16 yoshdan oshgan shaxslarga – 10 yil muddatga.

Fuqaro 14 yoshdan boshlab ID-karta rasmiylashtirishda barmoq izlarini topshirishi shart.

Fuqaro doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga (MvaFRB) ID-kartani olish uchun 18 yoshga to‘lgandan so‘ng bir oydan kechikmasdan murojaat etishi lozim.

ID-kartani almashtirish uchun esa ID-karta muddati tugagandan so‘ng bir oydan kechikmasdan murojaat etadi.

Fuqaro ID-kartani yaroqsiz holga keltirganda yoki yo‘qotib qo‘ygan taqdirda, unga yangi ID-karta O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida” gi Qonunida belgilangan miqdorda qo‘shimcha to‘lov asosida rasmiylashtirib beriladi.

O‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ID-karta rasmiylashtirish va berish tegishli murojaat asosida belgilangan tartibda ushbu shaxslarning doimiy yashash yoki bo‘lish joyiga borgan holda amalga oshiriladi. Ushbu xizmat uchun alohida haq undirilmaydi.

ID-karta qat’iy hisobga olinadigan hujjat hisoblanadi. ID-kartalarni personallashtirish va yo‘q qilish – MvaFRB amalga oshiriladi.

ID-karta MvaFRB tomonidan hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab uch ish kunida beriladi.

ID-karta belgilangan namuna bo‘yicha lotin harfida o‘zbek tilida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun esa - qoraqalpoq yoki lotin harfida o‘zbek tillarida personallashtiriladi.

ID-karta blankasiga quyidagi asosiy ma’lumotlar kiritiladi:

•    hujjatning nomi;

•    ID-kartaning raqami;

•    ID-karta egasining familiyasi, ismi, otasining ismi;

•    millati;

•    tug‘ilgan sanasi;

•    fuqaroligi;

•    tug‘ilgan joyi;

•    jinsi;

•    berilgan sanasi;

•    kim tomonidan berilgani;

•    amal qilish muddati tugaydigan sana;

•    egasining raqamli surati;

•    egasi haqidagi mashina o‘qiydigan ma’lumotlar.

16 yoshga to‘lmagan fuqaroning millati uning ota va onasining o‘zaro kelishuviga muvofiq belgilandi hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan shakldagi arizada fuqaroning millati ko‘rsatib o‘tiladi.

Chipga quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:

•    egasining biografik ma’lumotlari;

•    egasining biometrik ma’lumotlari (raqamli fotosurati va qo‘l barmoq izlari);

•    egasining elektron raqamli imzosi.

•    Qonunchilikka asosan chipga boshqa ma’lumotlar ham kiritilishi mumkin.

ID-kartadagi millat haqidagi yozuv ota-onaning millatiga muvofiq yoziladi. Agar ota-onasi turli millatga mansub bo‘lsa, birinchi marta ID-karta berilayotganda fuqaroning xohishiga qarab ota-onasidan birining millati yoziladi. Fuqaroning yozma arizasiga ko‘ra millat haqidagi yozuv faqat bir marta, otasi yoki onasining millatiga o‘zgartirilishi mumkin.

Vazirlik va idoralarning avtomatlashtirilgan tizimi orqali ID-karta egasining roziligi bilan davlat xizmatlarini olish uchun boshqa ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat etiladi.

ID-karta rasmiylashtirish va berish quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:

•    fuqaro 18 yoshga to‘lgunga qadar ixtiyoriy;

•    fuqaro 18 yoshga to‘lganda;

•    O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganida;

•    ID-kartaning amal qilish muddati tugaganida;

•    fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi o‘zgarganida;

•    fuqaroning biometrik ma’lumotlari o‘zgarganida;

•    ID-kartada noaniqliklar va xatolar mavjudligi aniqlanganida (rasmiylashtirib berilgan kundan boshlab 10 kun ichida – bepul almashtiriladi);

•    ID-karta yaroqsiz holga kelganida;

•    ID-karta yo‘qotib qo‘yilganida.

ID-karta egasining familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi, biometrik ma’lumotlari o‘zgarganligi yoki yozuvlarda noaniqliklar mavjudligi aniqlanganligi munosabati bilan almashtirilayotganida, fuqaro MvaFRBga ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi fuqaro ID-kartani olish yoxud uni almashtirish uchun tegishli yoshga yetgandan so‘ng yoki familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi, yozuvdagi noaniqliklar mavjudligi aniqlanganligi va ID-karta yaroqsiz holga kelgandan keyin bir oy muddatdan kechikmay hujjatlarni taqdim etishlari lozim.

O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi fuqaro ID-karta olishi uchun MvaFRBga quyidagilarni taqdim etadi:

•    Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan shakldagi ariza;

•    ilgari berilgan pasport yoki ID-karta;

•    fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi (O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilgan holatda);

•    tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (birinchi marotaba rasmiylashtirilayotganda) yoki ID-karta;

•    nikoh to‘g‘risida guvohnoma (familiyasi o‘zgargan holda);

•    davlat boji to‘langanligi haqida kvitansiya (to‘lov tizimlari orqali to‘langanda kvitansiya majburiy emas).

Haqiqiy harbiy xizmatni o‘tab, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan va pasporti yoki ID-kartasi bo‘lmagan harbiy xizmatchilarga ID-karta kontrakt asosida xizmat qilgan harbiy xizmatchining shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma yoki O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ofitserining shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma asosida MvaFRB tomonidan beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilariga ID-kartalar harbiy qism joylashgan joydagi MvaFRB tomonidan tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlarining yozma iltimosnomalari asosida beriladi.

Hibsga olingan yoki ozodlikdan mahrum etishga yoxud qamoqqa hukm qilingan shaxsning ID-kartasi surishtiruv, tergov idoralari yoki sud tomonidan olib qo‘yiladi. Agar shaxs sudning hukmi bilan qamoqda qoldirilsa, uning ID-kartasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga jo‘natiladi.

Shaxs qamoqdan ozod etilganida yoki jazo muddatini o‘tab bo‘lgach, unga ID-kartasi tergov, sud idoralari yoki jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati tomonidan qaytariladi.

Hibsga olingan yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning tergov, sud idoralarida yoki jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatida saqlanayotgan muddati o‘tgan pasportlar yoki ID-kartalar yo‘q qilish uchun MvaFRBga jo‘natiladi.

ID-karta rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi. To‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan shaxslar davlat boji to‘lashdan ozod etiladilar.


Maqola muallifi

Teglar

ID-karta

Baholaganlar

116

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing