Prezident Erdo‘g‘anning qizi namoyishga chiqdi (video)

Olam

image

Kecha, 20 oktyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qizi, Ayollar va Demokratiya Jamg‘armasi (KADEM) vasiylik kengashi raisi Sumaya Erdo‘g‘an Istanbulda, ayollarning namoyishida qatnashdi. Bu haqda “Yeni Şafak” nashri xabar berdi

39 ta nohukumat tashkilot a’zosi bo‘lgan ayollar qo‘llarida Turkiya va Falastin bayroqlari bilan Istanbulning Emino‘ni maydonida to‘planib, Isroilning Falastinga qarshi hujumlariga norozilik bildirgan. Norozilik namoyishini boshlagan ayollarni qo‘llab-quvvatlagan KADEM vasiylik kengashi raisi Sumaya Erdo‘g‘an-Bayroqdor Isroilning G‘azodagi shifoxonalarni, maktablarni nishonga olib, begunoh odamlarni, ayollar va bolalarni o‘ldirayotganini va bu 75 yildan beri davom etayotganini aytgan. 

U Isroilning Falastin yerlarini ishg‘ol qilgani, odamlarning uylarini tortib olgani, ta’lim, sog‘lik, sayohat va e’tiqod erkinligi kabi barcha huquqlarini o‘zlashtirganini qayd etgan. Sumaya Erdo‘g‘an Isroilning harakatlariga hech qanday bahona yo‘qligi, bularning universal konvensiyalar va Jeneva konvensiyasida urush jinoyati sifatida qayd etilganini urg‘ulagan.

“G‘arbda biz odatda musulmon mintaqalarini ayollar huquqlarini muhokama qilish orqali nishonga olinganini, Turkiyada begunohlarni nishonga olgan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP – terrorchilik tashkiloti) terrorist ayollari ozodlik kurashchilari sifatida ulug‘lanayotganini ko‘ramiz. Lekin ular G‘azoda bir necha 10 yillardan buyon qurollangan isroillik askarlarga qarshi bo‘sh qo‘llari va ulkan yuraklari bilan Al-Aqsoni, Isroil tomonidan uylari va o‘ldirilayotgan go‘daklarini himoya qilishga uringan, har qanday qiyinchiliklar qarshisida qaddini tik tutayotgan falastinlik qahramon ayollarni ko‘rmaydilar. Ularning huquqlari himoya qilinmaydi. Bugun biz Turkiyadagi ayollar nodavlat tashkilotlari o‘laroq Falastin ayollari, bolalari va Falastinning yonidamiz, deb hayqirish uchun shu yerdamiz. Biz butun insoniyatni bu fojiaga qarshi ovozini baland ko‘tarishga chaqiramiz”, deydi Sumaya Erdo‘gan.

Ma’lum qilinishicha, Emino‘ni maydonida ayollarning o‘tirgan holda norozilik namoyishi o‘tkazishi 3 kun (23 oktyabr oqshomiga qadar) davom etadi. Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini to‘xtatishga bag‘ishlangan bu harakatga Turkiya va butun dunyodagi nodavlat tashkilotlar taklif qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Sumaya Erdo‘g‘anning turmush o‘rtog‘i Selchuk Bayroqdor dunyo hamjamiyatiga murojaat yo‘llab, ularni G‘azoda tinchlik o‘rnatishga chaqirgandi. Shuningdek, u “Baykar” kompaniyasi G‘azo xalqi uchun 280 million lira (1 million AQSH dollari) gumanitar yordam ajratganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Turkiya namoyish Isroil G'azo Sumaya Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing