Prezident doimo sizlarga eng yaqin ko‘makchi bo‘ladi – Mirziyoyev kichik va o‘rta biznes vakillariga

Jamiyat

image
Prezident fermerlarga yengillik berdi north_east

Prezident fermerlarga yengillik berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 19 mart kuni kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvda muhokama qilingan dolzarb masalalar: raqobatbardosh bo‘lish, yangi bozorlarga kirib borish, standart, yangiliklarga o‘qitish, brend yaratish, startaplarni yuzaga chiqarib, ko‘paytirish uchun Kichik biznes uyushmasini tashkil qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Kichik biznes bilan ishlashga mahalladagi hokim yordamchisi, mahalla bankiridan tortib, banklar, bandlik vaziri hamda Bosh vazir o‘rinbosarlarigacha juda katta tizim safarbar qilingani ta’kidlandi. Mutasaddilarga, viloyat hokimlariga kichik biznes vakillari bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yib, ular ko‘targan tizimli masalalarni tezkor hal qilib borish topshirildi.

Davlat rahbari kichik va o‘rta biznes vakillari bilan muloqot qildi, ularning fikr va takliflarini tinglab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

“Yangi O‘zbekistonning biznes salohiyatini oshirishda biz sizlarga ishonamiz. 

Bir narsadan ko‘ngillaring to‘q bo‘lsin: Prezident doimo sizlarga eng yaqin ko‘makchi, tayanch va suyanch bo‘ladi. Sizlar yangilik qilishdan charchamanglar, men qo‘llab-quvvatlashdan charchamayman.

Shu maqsadda bugun muhokama qilingan, sizlarning hamma taklif va tashabbuslaringiz o‘rin olgan farmonni imzolayman. Ushbu farmonning barcha yengilliklari bugundan qo‘shimcha hujjatlarni kutmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri amaliyotga kiritiladi”, dedi Prezident.

O‘zbekistonda kichik biznesdagi kelgusi qadamlarni belgilab beradigan besh yillik strategiya ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Bildirilishicha, buni xalqaro moliya tashkilotlari ham qo‘llab-quvvatlab, yangi biznes yo‘nalishlari bo‘yicha ilg‘or tajriba, innovatsiya, texnologiya va xalqaro standartlarni joriy qilishda ko‘maklashishga, buning uchun hozirni o‘zida 470 million dollar resurs ajratishga tayyor.

Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki "Moliyaviy ommaboplik" dasturi doirasida kichik va o‘rta biznesga 100 million dollar, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki "yashil" va innovatsion loyihalar uchun 200 million dollar, Fransiya taraqqiyot agentligi ayollar tadbirkorligi uchun 30 million yevro ajratmoqda. 

Uchrashuvda ushbu tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari so‘zga chiqib, o‘z fikr va takliflarini aytdi.

Davlat rahbari ular vakillik qilayotgan tuzilmalarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi, hamkorlik yanada kengayishi uchun barcha sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur uchrashuvda O‘zbekistonning 15 ta tuman va shahrida barcha davlat idoralari tumanlar markazidagi bitta ko‘p qavatli binoga ko‘chirilishi, ushbu tumanlarda davlat idoralaridan bo‘shaydigan 150 ta bino auksionda tadbirkorlarga taklif qilinishi aytilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev kichik va o'rta biznes vakillari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing