Prezident Buxoroda agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha loyihalar bilan tanishdi
Jamiyat
−
21 yanvar 2021
5271Buxoro tumanidagi "Buxoro Varnet" korxonasi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda bu yerga kelganida ish endi boshlangan edi. Hozirgi kunda u zamonaviy agrosanoat majmuasiga aylanmoqda.
Avval bu yerda faqat issiqxona bo‘lgan bo‘lsa, endilikda uning yonida o‘quv markazi, laboratoriya hamda issiqxonalar uchun konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etilmoqda. Ya’ni, zamonaviy issiqxonalar uchun nimaiki kerak bo‘lsa, shu yerda tayyorlanadi.
Davlat rahbari bu galgi tashrifi chog‘ida mazkur majmuaning yangi imkoniyatlari bilan tanishdi.
"Issiqxonalar bilan shuncha yildan beri shug‘ullanyapmiz, lekin professionallar yo‘q edi. Endi bu yo‘nalish yangi sifat bosqichiga chiqyapti", dedi Prezident.
Buxoro viloyatining ko‘p yerlari sho‘rxok va qumloq, suv esa tanqis. Bunday joylarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun gidroponika usuli juda qulay. Shu bois 2018 yil 10 iyuldagi Prezident qarori bilan "Buxoro-agro" erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan edi. Bu zona uchun Jondor, Kogon, Peshku, Romitan va Buxoro tumanlaridan 3 ming gektar yer ajratildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilib, klaster tizimida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish uchun keng sharoit yaratildi.
"Buxoro Varnet" korxonasi ham ana shu imkoniyatlar samarasi. Loyihaning umumiy qiymati 120 million dollardan ziyod bo‘lib, bu mablag‘ning hammasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar tashkil etadi.
Bugungi kungacha 10 million dollar tashqi investitsiya o‘zlashtirilib, 13 gektar maydonda issiqxona qurib bitkazildi, 260 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Yana 17 gektarda qurilish ishlari davom etmoqda.
O‘tgan yili qariyb 20 milliard so‘mlik mahsulot yetishtirilib, 1 million dollarlik eksport qilingan. Joriy yilda 26 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Korxona uchun qariyb 113 gektar yer ajratilgan bo‘lib, to‘liq ishga tushganda yillik quvvati 33,8 ming tonna bo‘ladi, jami 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Prezident 2020 yil 12 dekabr kuni Xorazm viloyatida bo‘lganida yirik issiqxonalar huzurida o‘quv markazi ochib, shu yo‘nalishga qiziqqan tadbirkorlar va yoshlarni tayyorlash kerakligini ta’kidlagan edi. Davlatimiz rahbari "Buxoro Varnet" korxonasida tashkil etilgan shunday markazni kirib ko‘rdi.
"Bu tizim nima uchun muhim? Birinchidan, yoshlarimizga rivojlangan mamlakatlar mutaxassislari onlayn rejimda dars beradi. Ikkinchidan, issiqxonalar uchun zarur materiallar mahalliylashtiriladi. Eng muhimi, bozor talabiga mos mahsulot ishlab chiqariladi", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda 2021 yil uchun Buxoro viloyatida agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Barcha loyihalardan ko‘zlangan yagona maqsad – aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirishda qishloq xo‘jaligini drayverga aylantirish.