Prezident bug‘doy yetishtirish va sotishga doir muhim qaror imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining 2022 yil hosilidan sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan o‘rtacha 2,5 tonnadan jami 2550 ming tonna bug‘doyning:

•    1783,5 ming tonnasini tovar bug‘doy davlat resursi sifatida hamda 266,5 ming tonnasini urug‘lik uchun Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan xarid qilish;

•    500 ming tonnasini fermer xo‘jaliklari hamda boshqa g‘alla yetishtiruvchilar (keyingi o‘rinlarda — bug‘doy yetishtiruvchilar) tomonidan keyinchalik birja savdolarida sotish uchun Jamg‘armaning tijorat vakilida vaqtinchalik saqlashga qabul qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.

Belgilanishicha, 2022 yil hosili uchun:

a) “O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi korxonalar tovar bug‘doyni Jamg‘arma nomidan bug‘doy yetishtiruvchilardan sotib olish, saqlash, shuningdek, xaridorlarga jo‘natish tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha tijorat vakili hisoblanadi;

b) davlat resurslariga xarid qilingan tovar bug‘doy uchun to‘lovlar bug‘doy yetishtiruvchilarga tijorat vakili tomonidan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan quyidagi bosqichlarda amalda oshiriladi:

•    dastlabki bosqichda — Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan narxlarda;

•    keyingi bosqichda — birjada shakllangan o‘rtacha narxdan (o‘rtacha kotirovkadan) kelib chiqib, bug‘doy yetishtiruvchilar bilan to‘liq qayta hisob-kitob qilinadi;

v) bug‘doy yetishtiruvchilardan tijorat vakilida vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan tovar bug‘doy 2022 yilning iyul-avgust oylarida birja savdolari orqali sotiladi. Bunda:

•    bug‘doyni tashish (shu jumladan ichki tashish), qabul qilish, saqlash va xaridorlarga jo‘natish xarajatlari tijorat vakili va bug‘doy yetishtiruvchilar o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlardan kelib chiqib, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

•    bug‘doyni qabul qilish, saqlash va xaridorlarga jo‘natish jarayonida yuzaga keladigan tabiiy kamayish miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida hisobdan chiqariladi;

•    bug‘doyning sifati va saqlanishi bo‘yicha nazorat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarid qilingan va bug‘doy yetishtiruvchilardan vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan:

•    3 va undan yuqori sinflardagi bug‘doy — birjadan xarid qilingan bug‘doyning 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdordagi unni birja savdolari orqali sotish majburiyatini olgan, un ishlab chiqarish quvvatlariga ega tadbirkorlarga;

•    4- va 5-sinflardagi bug‘doy — barcha tadbirkorlarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari olis, borish qiyin bo‘lgan va tog‘li hududlarga un va un mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarining 50 foizidan oshmagan qismini mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplab beradi.

Moliya vazirligi "O‘zdonmahsulot" AK tizimidagi korxonalarga birjadan bug‘doy sotib olish uchun revol’ver kreditlarni moliyalashtirish maqsadida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 800 mlrd so‘mgacha tijorat banklariga Markaziy bankning asosiy stavkasida resurs joylashtirilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zdonmahsulot” AK manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda donni qabul qilish va omborlardan chiqarish jarayoni, shuningdek, Jamg‘arma, tijorat vakili va bug‘doy yetishtiruvchilar o‘rtasidagi moliyaviy hisob-kitoblar tezkor va shaffof amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida d-xarid.uz axborot tizimini ishga tushirishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

bug'doy

Baholaganlar

424

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing