Prezident “Bolalar farovonligiga investitsiya” sammiti ishtirokchilarini tabrikladi

Jamiyat

−

image

Bugun, 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” butunjahon sammiti ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Sizlarni boqiy shahar – Samarqandda “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” butunjahon sammitining ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Ushbu anjumanni tashkil etishda hamkorlik qilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning Bolalar jamg‘armasi – UNICEF, Jahon banki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro ijtimoiy ta’minot uyushmasi hamda barcha hamkorlarimizga minnatdorlik bildiraman”, deydi Prezident.

O‘zbekiston yetakchisining bildirishicha, bolalar farovonligi haqida gapirganda, avvalo, ularning bugungi hayoti nazarda tutiladi. Har bir bola hozirning o‘zida mehr, xavfsizlik, sifatli ta’lim va zarur tibbiy yordamga haqli. Uning qadri kelajakda qanday kasb egasi bo‘lishi yoki qancha daromad keltirishi bilan o‘lchanmaydi.

Bolaning sog‘lom o‘sishi va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan sharoit mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotiga ham mustahkam asos bo‘ladi. Shu bois bolalikka yo‘naltiriladigan mablag‘lar davlat siyosatida izchil va barqaror o‘rin egallashi zarur.

“O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, maktabgacha ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy xizmatlarni oilalarga yaqinlashtirish bo‘yicha islohotlarni davom ettirmoqdamiz. Nogironligi bo‘lgan bolalarning ta’limda ishtirok etishi, bolalarni zo‘ravonlik va ekspluatatsiyadan himoya qilishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz”, deydi Prezident.

Bildirilishicha, keng qamrovli islohotlar miz natijasida tug‘ruq jarayonida onalar o‘limi, bolalarning o‘sishdan ortda qolishi ikki barobar qisqargan, maktabgacha ta’lim qamrovi 27,7 foizdan 78 foizga oshirilgan, olti yoshli bolalarning qariyb 100 foizi maktabga tayyorlovga jalb etilgan, oliy ta’lim bilan qamrov 5 barobar – 9 foizdan 45 foizga oshgan.

“Biz mamlakatimizda yaratilgan oila va bola ehtiyojini barvaqt aniqlab, yordam beradigan ijtimoiy himoya tizimi orqali so‘nggi besh yilda bolalar kambag‘alligi qariyb 4 baravarga qisqardi.

Shu bilan birga keyingi ikki yildagi islohotlar orqali inklyuziv maktablar soni 5 barobar ortib, nogironligi bo‘lgan bolalarning 85 foizdan ortig‘i ta’lim xizmatlariga jalb etildi.

Bu ishlarning haqiqiy natijasi har bir oila hayotida sezilishi kerak. Chekka hududdagi bolaga shifokor o‘z vaqtida yetib boryaptimi? Maktabda unga o‘rganish uchun zarur sharoit bormi? Zo‘ravonlikka duch kelganida u ishonch bilan yordam so‘ray oladimi? Biz o‘z faoliyatimizni ana shu savollarga beriladigan amaliy javoblar bilan baholashimiz lozim.

Biz uchun oilani qo‘llab-quvvatlash – bolaning xavfsizligi va eng ustun manfaatlarini ta’minlash demakdir. Bu ota-onaga vaqtida ko‘mak berishni, bolaning oiladan ajralib qolishining oldini olishni, zarur hollarda esa unga xavfsiz va barqaror oilaviy parvarish topishni talab qiladi”, deydi Prezident.

O‘zbekiston yetakchisiga ko‘ra, shu bois, har bir bola mehr va g‘amxo‘rlikka asoslangan oila muhitida voyaga yetishi ustuvor ahamiyatga ega. Bugungi kunda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarning 100 foizi oila bag‘rida tarbiyalanmoqda.

“O‘zimizda “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan hikmat bor. Unda bolaga befarq bo‘lmaslik, oilani yolg‘iz qoldirmaslik ma’nosi mujassam. Bugun bu an’ana davlatning aniq kafolatlari, malakali mutaxassislar xizmati va har bir bolaning shaxsiy daxlsizligiga hurmat bilan mustahkamlanishi kerak.

Milliy tajribamizdagi mehr va hamjihatlikni dunyoning ilg‘or bilimlari bilan boyitishga intilamiz. “O‘Z” g‘oyamizni biz shu ma’noda tushunamiz: o‘z qadrini anglash, o‘zganing qadrini hurmat qilish va kelajak uchun mas’uliyat olish”, deydi Prezident.

Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, bola o‘z tili va madaniy ildizlaridan kuch olib, boshqa xalqlarga hurmat bilan qarab ulg‘ayishi kerak. Uning savol berish, mustaqil fikrlash, ijod qilish va dunyo bilimini egallash imkoniyatini kengaytirish – bu g‘oyaning hayotdagi ifodasi. O‘zbekistondagi har bir bola millati, tili, e’tiqodi, salomatligi yoki oilasining daromadidan qat’i nazar, shunday imkoniyatga ega bo‘lishi lozim.

Qurolli mojarolar, majburiy ko‘chish, iqlim o‘zgarishi va iqtisodiy qiyinchiliklar bolalar hayotiga og‘ir ta’sir ko‘rsatmoqda. Har bir davlat o‘z mas’uliyatini bajarishi, xalqaro hamkorlik esa milliy imkoniyatlarni to‘ldirishi zarur.

“Samarqanddagi muloqotimizni quyidagi amaliy yo‘nalishlarga qaratishni taklif etaman.

Avvalo, bola hayotining ilk davridan uzluksiz ko‘makni kuchaytirishimiz kerak. Ona salomatligi, to‘g‘ri ovqatlanish, erta rivojlanish va maktabgacha ta’limni o‘zaro bog‘lash muhim. Ehtiyoj qancha erta aniqlansa, oilaga yordam shuncha o‘z vaqtida yetib boradi.

Bolalarning og‘ir kasalliklarini erta aniqlash va davolashda hamkorlikni kengaytirishni taklif qilamiz. Xususan, bolalar onkologiyasi bo‘yicha mutaxassislar tajriba almashishi, tashxis imkoniyatlari va sifatli dorilardan foydalanishni yaxshilash zarur. Bolaning yashash joyi uning yordam olish imkoniyatini cheklab qo‘ymasligi kerak”, deydi Prezident.

O‘zbekiston yetakchisining qayd etishicha, shu maqsadda Birinchi xonimlarning bolalar onkologiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlanadi. Uning jamoatchilik va xayriya salohiyati tibbiy ekspertlar tavsiyalari, ehtiyojga asoslangan yordam hamda mablag‘larning ochiq sarfi bilan bog‘lanishi maqsadga muvofiq. Bu hamkorlik milliy sog‘liqni saqlash tizimlari imkoniyatini mustahkamlashga xizmat qilishi lozim.

“Yana bir ustuvor vazifa – bolalar uchun xavfsiz ta’lim va raqamli muhit yaratish. Kiberbulling, ekspluatatsiya va shaxsiy ma’lumotlardan suiiste’mol qilishga qarshi hamkorlikni kuchaytirishimiz zarur.

Ayni paytda bolalarning bilim olishi, ijod qilishi va xavfsiz muloqot imkoniyatlarini kengaytirishimiz kerak. Buning uchun bolalarga ham, ota-onalar va pedagoglarga ham raqamli savodxonlik bo‘yicha amaliy ko‘mak lozim.

Bolalar ishtirokini qarorlarimizning ajralmas qismiga aylantirishni ham taklif etamiz. Ular uchun yaratilayotgan xizmatlar haqida o‘zlarining fikrini eshitishimiz kerak. Bunday ishtirok bolaning yoshiga mos, ixtiyoriy va xavfsiz tashkil etilishi lozim”, deydi Prezident.

O‘zbekiston yetakchisining qayd etishicha, mamlakat ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirish uchun Samarqand platformasini amaliy muloqot mexanizmi sifatida shakllantirishdan manfaatdor. U mavjud tashkilotlar bilan hamkorlikda samarali tajribalarni almashish, ixtiyoriy qo‘shma loyihalarni tayyorlash va natijalarni muhokama qilishga xizmat qilishi mumkin.

“Sammitning yakuniy deklaratsiyasi umumiy intilishlarimizni ifodalaydi, deb umid qilaman. Uni amaliy ishlarga aylantirish uchun manfaatdor hamkorlar bilan mas’ullar, resurslar va muddatlar belgilangan rejalarni ishlab chiqish muhim. Kelishilgan ko‘rsatkichlar asosida natijalarni ochiq muhokama qilish o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi.

Bunda e’tiborimiz, ayniqsa, yordamdan chetda qolayotgan bolalarga qaratilishi zarur. Farovonlik yo‘lidagi taraqqiyot har bir bolaning hayotida sezilganida umumiy yutug‘imizga aylanadi.

Bola qaysi mamlakatda va qanday oilada tug‘ilishini tanlamaydi. Ammo uning xavfsiz o‘sishi, o‘z qobiliyatini kashf etishi va kelajagini qurishi uchun qanday sharoit yaratish bizning qarorlarimizga bog‘liq.

Samarqandda boshlangan hamkorligimiz bolalarning bugungi hayotini yaxshilaydigan aniq ishlar bilan davom etishini tilayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyat, sammit ishiga samarali natijalar tilayman”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing