Prezident bayram arafasida 392 mahkumni afv etdi

Jamiyat

image

Navro‘z umumxalq bayrami va muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida 392 nafar mahkum afv etildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.

Farmonga muvofiq, Konstitutsiyaning 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 392 nafar shaxs afv etilgan.

Afv etilgan shaxslarning 223 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etilgan, 82 nafari jazoni o‘tashda muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan. 

Shuningdek, 53 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirilgan.

Afv etilganlarning 3 nafarini chet el fuqarolari, 26 nafarini ayol, 14 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 166 nafarini yoshlar hamda 24 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan 615 mahkumni afv etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Navro'z Ramazon hayiti afv etildi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing