Prezident bank tizimini isloh qilish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 6 iyul kuni bank aktivlarida xususiy sektor ulushini 15 foizdan 60 foizga oshirishga qaratilgan 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish strategiyasini amalga oshirish hamda mamlakat tijorat banklarining transformatsiya jarayonini jadallashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda ushbu maqsadga erishish uchun qator muhim masalalarni hal qilish lozimligi ta’kidlandi. Birinchi navbatda banklar transformatsiyasi jarayonini faollashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hozirda 6 ta tijorat banki – “Ipotekabank”, “Sanoatqurilishbank”, “Turonbank”, “Asakabank”, “Aloqabank” va “Agrobank” moliyaviy diagnostika, istiqbolli strategiyalarni ishlab chiqish va xususiylashtirish masalalari bo‘yicha xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni boshlagan. Biroq, boshqa banklarni transformatsiya qilish ishlari yetarli darajada faol olib borilmayapti, dedi davlatimiz rahbari.

Bu kamchilikni bartaraf etish uchun banklar faoliyatiga xos bo‘lmagan funksiyalarni xatlovdan o‘tkazish, Markaziy bank huzuridagi Qayta tayyorlash korporativ markazida avvalo joylardagi bank xodimlari uchun banklar transformatsiyasini tushuntirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini tashkil etish topshirildi.

Yig‘ilishda banklarning kredit portfeli va loyihalar sifatini oshirish masalasi muhokama qilindi. Stress-testlar natijalariga ko‘ra, muammoli kreditlar ulushi bir necha barobar ko‘payishi mumkinligi, bu esa bank tizimi uchun jiddiy xatar ekani qayd etildi.

Shu munosabat bilan muammoli kreditlarni hududlar kesimida batafsil tahlil qilib, kredit portfeli sifatini saqlab qolish bo‘yicha ta’sirchan mexanizm ishlab chiqish ko‘rsatmasi berildi. Markaziy bank barcha tijorat banklari kredit portfellari xatlovdan o‘tkazilgach, qiyin ahvolga tushib qolgan har bir mijozning moliyaviy imkoniyatlarini tiklash bo‘yicha aniq choralarni ishlab chiqishi lozimligi alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilishda bank tizimida korrupsiyaga barham berish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbari barcha tijorat banklari raislari korrupsiyaga chek qo‘yish, komplayens-nazorat kabi ta’sirchan mexanizmlarni joriy qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishi lozimligini alohida ta’kidladi.

Davlat aktivlari bor tijorat banklarida hukumatdan olingan mablag‘lar hissasi hamon yuqoriligi tanqid qilindi.

Xususan, bunday kreditlar ulushi Qishloq qurilish bankda 41 foizni, Ipoteka bankda 32 foizni tashkil etadi. O‘tgan yili banklarga davlat kafolati ostida qariyb 600 million dollarlik kredit liniyalari jalb qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 570 million dollarni tashkil qiladi. Shu bilan bir qatorda, aholining jamg‘arma va muddatli depozitlari ulushi yirik banklarda o‘rtacha 5 foizni tashkil etadi, xolos. Shu munosabat bilan Markaziy bankka tijorat banklariga aholi omonatlarini jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar ishlab chiqish topshirig‘i berildi.

Prezident banklar moliyaviy resurslarni davlat yordami va ko‘magisiz, mustaqil jalb qilishlari zarurligini qayd etdi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Markaziy bank va tijorat banklari rahbarlari axborot berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

140

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing