Prezident aviatashuvlarga oid yangi qarorni imzoladi

Jamiyat

image

2023 yilning mart oyidan mahalliy yo‘nalishda aviaqatnovlar jadvali kengayadi. Shuningdek, Zomin aeroportiga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda so‘z borgan. 

Unga ko‘ra, hududlarni bir-biri bilan o‘zaro bog‘lash maqsadida 2023 yil mart oyidan boshlab Samarqand-Nukus, Samarqand-Mo‘ynoq, Samarqand-Termiz, Buxoro-Termiz, Namangan-Termiz va Namangan-Nukus kabi yangi yo‘nalishlarda muntazam aviaqatnovlarni boshlash nazarda tutilmoqda. 

Qolaversa, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarining turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida Shahrisabz va Sariosiyo aeroportlariga aviaqatnovlar tiklanadi, shuningdek, Zomin aeroportiga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yiladi. 

Aviaqatnovlar jadvalini yo‘lovchilar uchun qulay bo‘lgan temir yo‘l, avtobus va mikroavtobus yo‘nalishlari bilan integratsiyalash orqali yagona logistika tizimini yaratish choralari ko‘riladi.

Bundan tashqari, qaror bilan O‘zbekistonning rezident aviakompaniyalariga ichki turizm yo‘nalishlaridagi aviaqatnovlar uchun avia chipta narxining 25 foizi miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratish muddati 2026 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

190

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing