Prezident qarori: “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tashkil etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish materiallari sanoatini tubdan takomillashtirish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada qisqartirish, qurilish materiallari sanoatini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlashni tashkil etishni rag‘batlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarini diversifikatsiya qilish va eksport hajmini kengaytirish, tarmoqqa investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirish maqsadida:

1. Qurilish materiallari sanoati korxonalari, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari uyushmasini (keyingi o‘rinlarda – “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi) tashkil etish;

“O‘zqurilishmateriallari” AJning boshqaruv organlari yig‘ilishlarida uning xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitallaridagi aksiyalari (ulushlari) paketlarini 1-ilovaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazish orqali jamiyatni tugatish masalalarini ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:

a) qurilish materiallari sanoatining ixtiyoriy asosda kiruvchi korxonalari “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining a’zolari hisoblanadi;

b) “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi uyushma ta’sischilarining umumiy yig‘ilishi qarori bilan tasdiqlanadi;

v) “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining raisi va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi taqdimnomasi bo‘yicha uyushma ta’sischilarining umumiy yig‘ilishi qarori bilan saylanadi;

g) “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasini joriy ta’minlash va uning faoliyatini moliyalashtirish uyushma a’zolarining badallari va ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

d) quyidagilar “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi a’zolari manfaatlarini ifoda etish va himoya qilishni ta’minlash, shuningdek, qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ularga takliflar kiritish;

yuqori qo‘shilgan qiymatli qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, shuningdek, ixtisoslashgan yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni o‘zlashtirish uchun investitsiyalar, birinchi navbatda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlik qilish;

talab etilayotgan sifatli mahsulot ishlab chiqarish turlarini kengaytirish, ichki bozorni import o‘rnini bosuvchi va raqobatbardosh qurilish materiallari hamda mahalliy ishlab chiqarilgan buyumlar bilan to‘ldirish, shuningdek, tarmoqning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi a’zolari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;

hududlarning salohiyatini yanada rivojlantirish istiqbollaridan, xomashyo bazasi, infratuzilmalar, mehnat va boshqa resurslar hamda bozorlarning mavjudligidan kelib chiqqan holda korxonalarni joylashtirishga ko‘maklashish.

3. Belgilansinki, 2022 yil 1 yanvarga qadar korxonalarning shartnomalar bo‘yicha “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga to‘lanadigan ajratmalari yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan bazadan chiqarib tashlanadi.

4. 2019 yil 1 apreldan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq noruda foydali qazilmalar mavjud bo‘lgan yer qa’ri uchastkasidan geologik o‘rganish uchun foydalanish huquqini beruvchi litsenziya ariza kelib tushgan kundan boshlab o‘n kundan oshmagan muddatda beriladi.

5. Sanoat ko‘lamida o‘zlashtirish uchun investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar jalb etiladigan noruda foydali qazilmalar konlari (uchastkalari)ning ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi bilan birgalikda salohiyatli, shu jumladan, xorijiy investorlarni mazkur qarorning 5-bandi bilan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan noruda foydali qazilmalar konlari (uchastkalari)ni o‘zlashtirishga jalb qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.

7. “O‘zqurilishmateriallari” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qurilish vazirligi bilan birgalikda Qurilish materiallari sanoatidagi investitsiya loyihalari ro‘yxati ishlab chiqilganligi va unda quyidagilar nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:

2019-2021 yillarda umumiy qiymati 1,3 milliard AQSH dollari, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga 692 million AQSH dollari miqdorida amaldagi korxonalarni texnik va texnologik yangilash hamda yangi korxonalar barpo etish bo‘yicha 67 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish;

2021 yilga sement ishlab chiqarish quvvatlari hajmlarini 17 million tonnaga, arxitektura-qurilish oynasini – 32 million kvadrat metrga, yog‘och-qipiq plitasi (DSP)ni – 380 ming kub metrga, gaz-beton bloklarini – 700 ming kub metrga, gulqog‘ozlarni – 4,5 million rulonga, ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun yirik panelli temir-beton buyumlarini – 180 ming kvadrat metrga yetkazgan holda qurilish materiallari ishlab chiqarishni ko‘paytirish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 1 aprelga qadar ushbu bandda belgilangan Qurilish materiallari sanoatidagi investitsiya loyihalari ro‘yxatini, shuningdek, ularni amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini (“yo‘l xaritasi”ni) tasdiqlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ikki oy muddatda ichki va tashqi bozorlarda qurilish materiallariga bo‘lgan talab kon’yunkturasini, shuningdek, chet el bozorlarining rivojlanish tendensiyalarini o‘rganish asosida yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish, ichki bozorni mahalliy qurilish materiallari bilan to‘ldirish va ularning eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va joriy qilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “O‘zqurilishmateriallari” AJ va qurilish materiallari sanoati korxonalarining “QurilishmateriallariLITI” MCHJ ixtisoslashtirilgan loyiha ilmiy-tadqiqot institutini “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tarkibiga kiruvchi “O‘zqurilishmaterialLITI” MCHJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi etib qayta nomlash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin, quyidagilar markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Texnologik rivojlanish agentligi, “O‘zstandart” agentligi hamda qurilish sanoatining ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajriba va respublikaning xomashyo salohiyatini inobatga olgan holda yangi qurilish materiallari va ulardan foydalanish texnologiyalari ishlanmalarini tashkillashtirish;

qurilish materiallarining yangi standartlarini faollashtirish va ishlab chiqish, shuningdek, qurilish tarmog‘ida foydalaniladigan qoidalar to‘plamini ishlab chiqishda qatnashish;

ishlab chiqariladigan qurilish materiallari va buyumlarning barcha turlarini sertifikatlashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda qurilish materiallari sanoatining talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislarga ta’lim berish yuzasidan o‘quv rejalari va innovatsion o‘quv kurslarini ishlab chiqish, shuningdek, zamonaviy o‘quv-metodik adabiyotlar va qo‘llanmalarni tayyorlash;

kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish, mutaxassislarning stajirovkasini, shu jumladan, xorijdagi ilmiy-tadqiqot markazlarida stajirovkasini o‘tkazishni tashkillashtirish;

ishlab chiqarishga mo‘ljallangan mashinalar, asbob-uskunalar va texnik tizimlar, sanoat ob’ektlari, shuningdek, energetika va muhandislik infratuzilmasi ob’ektlarining texnik auditi, energiya auditi, diagnostikasi va ekspertizasini o‘tkazish.

10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

2018 yil yakuniga ko‘ra “O‘zqurilishmateriallari” AJning sof foydasini uning 20 foizini O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga dividendlarni to‘lashga yo‘naltirgan holda taqsimlanishini;

tugatilayotgan “O‘zqurilishmateriallari” AJning asosiy vositalari, uning tarkibiga kiruvchi korxonalar ajratmalari bo‘yicha yuzaga kelgan debitor qarzdorlik, jamiyatning “O‘zqurilishmaterialLITI” MCHJ hamda “Tog‘ geologiya jamlama ekspeditsiyasi” MCHJ ustav kapitallaridagi ulushlari, shuningdek, aksiyadorlarga berilishi kerak bo‘lgan hamda tugatish jarayoni yakunlanganidan keyin qoladigan jamiyatning pul mablag‘larini “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga beg‘araz o‘tkazishni;

“UKM Trans avto” MCHJni keyinchalik uning avtotransport vositalarini beg‘araz “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga topshirgan holda tugatishni ta’minlasin.

11. Quyidagilarga:

iqtisodiyot va sanoat vaziri B.A.Xodjayevga – investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonini muvofiqlashtirish va qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish;

investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U.Umurzoqovga – qurilish materiallari sanoatida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, tarmoqqa investitsiyalarni, birinchi navbatda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, eksportga mo‘ljallangan mahsulot chiqarishni kengaytirish maqsadida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joriy etish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori N.S.Jo‘rayevga – xo‘jalik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi, shu jumladan, ushbu qarorga muvofiq “O‘zqurilishmateriallari” AJdan qabul qilinadigan davlat aksiyalari (ulushlari) paketlarini samarali boshqarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

12. “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Tafakkur ko‘chasi, 68-A uy manzili bo‘yicha bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 3-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019 yil 20 fevral 


Maqola muallifi

Teglar

qaror qurilish

Baholaganlar

11

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing