Prezident 26 ta soliq idorasi rahbarini vazifasidan oldi
Jamiyat
−
02 avgust 2023
15432Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi 26 ta soliq idorasi rahbarlarini vazifasidan ozod qildi. Bu haqda davlat rahbari raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, birinchi yarim yillikda respublikada soliq tushumlari 76,3 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 107,5 foizga o‘sgan. Ushbu davrda 2,3 trillion so‘m mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldirilgan.
“Lekin, bu mavjud salohiyatimizdan ancha kam. Tan olish kerak – kundan-kunga o‘sayotgan iqtisodiyotimizning samarasi byudjet daromadlarida to‘liq ko‘rinmayapti. Bu borada tadbirkorlarni ayblab bo‘lmaydi. Buning uchun soliq idoralari o‘z dunyoqarashini o‘zgartirishi kerak. Soliqchilar tadbirkorlarga pul undirish nuqtai-nazaridan emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash orqali o‘stirib, soliq bazasini kengaytirish manbai sifatida qarashi zarur”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Bugungi kunda soliq tushumlarining 60 foizini Yirik soliq to‘lovchilar inspeksiyasi elektron tizim orqali joyiga chiqmasdan undirayotgani, lekin viloyat va tuman soliq xodimlari xotirjam bo‘lib o‘tirgani ta’kidlandi.
Misol uchun, bugungi kunda daromad solig‘i to‘layotgan korxonalar soni 425 mingtani tashkil qilib, yil boshiga nisbatan 9 foizga kamaygan.
Ayniqsa, bunday korxonalar Xorazm va Qoraqalpog‘istonda 20 foizga, Toshkent viloyatida 14 foiz, Buxoro, Samarqand va Namangan viloyatlarida 12 foizga kamaygan.
Yoki, joriy yilning besh oyida 40 ta tumanda tadbirkorlar daromadi deyarli o‘zgarmagan, ayrimlarida hatto tushib ketgani tanqid qilindi.
Shu bois, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Ulug‘nor, Olot, Paxtakor, Namangan, Mingbuloq, Chust, Koson, Muborak, Dehqonobod, Urgut, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Muzrabot, Xiva, Xonqa, Kitob tumanlari hamda Buxoro, Kogon, Samarqand, Angren, Bekobod, Olmaliq, Nurafshon, Urganch shaharlari, jami 26 ta soliq idoralari rahbarlarini ishdan olishga qaror qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat rahbari Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari M.Fayziyev, Qibray tumani hokimi M.Mirqosimov va Yangiyo‘l tumani hokimi U.Yalgashev hamda ushbu tumanlarning 4 ta sektor rahbarlarini lavozimidan ozod qilgandi.