Prezident 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 12 dekabr kuni mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishining joriy yilda kutilayotgan natijalarini ko‘rib chiqish va 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

Tadbirda yil yakunigacha qolgan qisqa vaqtda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama etildi. Xususan, tarmoq korxonalarida mavjud zaxiralarni safarbar qilish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, neft-gaz, elektr energetikasi, kimyo sanoati va boshqa yirik korxonalarning soliq qarzdorligini bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilandi. 

Investitsiyalarni o‘zlashtirish holati ham tahlil qilindi. Davlat rahbari 31 ta loyiha bo‘yicha qoloqlikka yo‘l qo‘yilgani, 8 ta hududiy loyiha samarasiz deb topilganini ko‘rsatib o‘tdi.

Yig‘ilishda iqtisodiyotda 2020 yil uchun belgilangan asosiy rejalarni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulot 5,5 foizga, sanoat 6,5, qishloq xo‘jaligi 4 va xizmatlar 5,7 foizga o‘sishi prognoz qilingan.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bankka ushbu ko‘rsatkichlarga erishishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni hozirdan to‘g‘ri baholab, barcha idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida katta rezervlar borligi, bu soha orqali to‘qimachilik, oziq-ovqat va charm-poyabzal sanoati, qayta ishlash tarmoqlarini jadal rivojlantirish mumkinligini ta’kidladi. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida kelgusi yili amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi.

Sanoat tarmoqlari, eng avvalo, metallurgiya, neft-gaz va ko‘mir qazib olish, kimyo, qurilish materiallari, avtomobilsozlik sanoatini barqaror rivojlantirish hisobiga tayyor mahsulotlar hajmini oshirish muhimligi qayd etildi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga iqtisodiyot tarmoqlarini kafolatlangan resurslar bilan ta’minlab, keyingi yilda ularning barqaror ishlashiga zamin yaratish vazifasi qo‘yildi.

Jahonda ro‘y berayotgan turli iqtisodiy ziddiyatlar ta’siriga e’tibor qaratilar ekan, kelgusi yil murakkab va sinov yili bo‘lishi ta’kidlandi. Zarur choralar ko‘rib, mahsulot va xizmatlar eksportining joriy yilgiga nisbatan kamida 20 foizga o‘sishini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. 

Ichki bozorni iste’mol tovarlari bilan to‘ldirish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxining asossiz o‘sib ketishining oldini olish, buning uchun mahsulot yetishtirilishidan qayta ishlanib, bozorda sotilguncha bo‘lgan jarayonni to‘liq qamrab olgan holda nazorat qilish bo‘yicha mas’ullar belgilandi. 

Rejalashtirilgan 201 ta muhim investitsiya loyihasini o‘z vaqtida ishga tushirish, shuningdek, 2020-2022 yillar uchun mo‘ljallangan Investitsiya dasturi loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. 

Hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etish orqali kelgusi yili 400 mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Davlat rahbari mutasaddilarga shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etib, belgilangan rejalarni sifatli bajarish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha hisobotlar tinglandi, zarur chora-tadbirlar belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

14

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing