Prezident 2020 yil uchun davlat byudjetiga oid qarorni imzoladi
Jamiyat
−
31 dekabr 2019
11092O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 31 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Mazkur qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori
2020 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining byudjet sohasidagi vakolatlarini kengaytirish, byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning mas’uliyatini yanada oshirish, mahalliy byudjetlar daromadlarini shakllantirish va mablag‘laridan foydalanishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining erkinligini ta’minlashga qaratilgan yangi byudjet tizimi joriy etilmoqda.
Ilk bor “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan respublika byudjeti xarajatlari vazirlik va idoralar kesimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan, mahalliy byudjetlar xarajatlari esa xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yildi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatiga bevosita bog‘liq bo‘lgan hamda to‘liq mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldiriladigan daromad turlari kengaytirildi.
2020 yildan boshlab barcha davlat maqsadli jamg‘armalari va chetdan jalb qilingan tashqi qarz mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan davlat xarajatlari konsolidatsiyalashgan davlat byudjetida aks ettirilib, byudjet qamrovi va ochiqligi darajasi kuchaytirildi. Xalqaro standartlarga muvofiq umumiy fiskal balansining hisobini yuritish yo‘lga qo‘yildi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida soliqlarni ortiqcha undirganlik
uchun davlat soliq xizmati organlarining javobgarligi kuchaytirildi, zamonaviy usullarni qo‘llagan holda xorijiy amaliyotda sinalgan soliq nazorati shakllari joriy etildi, shuningdek, soliqlarni hisoblash va to‘lash tartiblari soddalashtirildi.
O‘z navbatida, amalga oshirilayotgan islohotlar vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining birinchi darajali xarajatlarni, davlat dasturlari va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish borasida javobgarligini oshirishni, manbasi aniq bo‘lmagan tadbirlarni amalga oshirmaslikni hamda byudjet intizomini yanada qat’iylashtirishni talab etadi.
Davlat moliyasi tizimi va byudjet intizomini yanada mustahkamlash, soliq-byudjet tizimining shaffofligini oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet daromadlari prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishida manfaatdorligini kuchaytirish, shuningdek, “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar 2020-2024 yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
• soliq-byudjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida o‘rta muddatli byudjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik byudjetni shakllantirishning yangi “natijaga yo‘naltirilgan byudjet” tizimini joriy etish;
• makrofiskal prognozlar ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni va byudjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish;
• byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas’uliyatini kuchaytirish;
• fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;
• byudjet hisobi standartlarini unifikatsiya qilish, ichki nazorat
• va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash;
• byudjet ma’lumotlarining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash;
• byudjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki oy muddatda xalqaro moliyaviy institutlarning takliflarini inobatga olgan holda 2020-2024 yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
2. Quyidagilar Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining byudjet-moliya sohasidagi asosiy vazifasi etib belgilansin:
• soliq solish ob’ektlari va soliq solinadigan bazani to‘liq qamrab olish, soliqlar yig‘ilishi darajasini oshirish, mavjud zaxiralarni safarbar etish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali tegishli byudjet daromadlari prognozining bajarilishini ta’minlash;
• byudjet mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanish hamda uni tejash, byudjet intizomini mustahkamlash, byudjet mablag‘laridan foydalanishning natijadorligi bo‘yicha hisobdorlik tizimini kuchaytirish;
• birinchi navbatda moliyalashtiriladigan (ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, oziq-ovqat, dori-darmon va kommunal xizmatlar) xarajatlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish va kreditor qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslik;
• ob’ektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarni amalga oshirish uchun nazarda tutilgan mablag‘larni, birinchi navbatda, oldingi yillardan o‘tuvchi ob’ektlarni ishga tushirishga yo‘naltirish;
O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasi
kafolati ostida olinadigan tashqi qarz mablag‘larini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng dolzarb chora-tadbirlarini moliyalashtirishga yo‘naltirish hamda ulardan samarali foydalanish orqali natijadorlikni ta’minlash.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020 yilda:
• konsolidatsiyalashgan byudjet defitsiti yalpi ichki mahsulotning 0,5 foizidan oshmasligini;
• O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining daromad va xarajatlari balanslashtirilgan holda ijro etilishini;
• O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish bo‘yicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 4 mlrd AQSH dollaridan oshmasligini;
• O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilinadigan hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qaytariladigan tashqi qarzni o‘zlashtirishning cheklangan hajmi 1,5 mlrd AQSH dollaridan oshmasligini ta’minlasin.
4. Belgilansinki, davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan loyiha va dasturlarning natijadorligini baholash jarayoni quyidagilarni nazarda tutadi:
• yakunlangan loyiha va dasturlarni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi auditdan o‘tkazib, audit natijalari bo‘yicha axborotni har chorak yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga yuboradi;
• tegishli vazirlik va idoralar yakunlangan loyiha va dasturlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘mitalariga 3 oy ichida taqdimotlar o‘tkazadi;
• O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi loyiha va dasturlarning ishlab chiqilishi, tanlab olinishi, monitoringi va audit natijalariga oid ma’lumotlar ommaviy axborot vositalari va veb-saytlarda joylashtirilishini ta’minlaydi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi:
• xodimlar umumiy cheklangan soni doirasida boshqaruv xodimlarining soni 3 ta shtat birligidan iborat davlat qarzi hisobiga moliyalashtirilgan loyiha va dasturlarni audit qilish sektorini tashkil etsin;
• uch oy muddatda davlat qarzlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlarni baholash va auditdan o‘tkazish hamda ularni xatarlar bo‘yicha guruhlashtirish masalalarini o‘z ichiga oluvchi tartibni tasdiqlasin.
6. 2020 yilda ikkinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablag‘larining cheklangan miqdorlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. 2020 yil 1 fevraldan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdori 1,07 barobarga oshirilsin.
• 2020 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:
• mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 679 330 so‘m;
• pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 238 610 so‘m;
• eng kam yoshga doir pensiyalar – oyiga 466 680 so‘m;
• bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 466 680 so‘m;
• zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga 286 390 so‘m;
• 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam miqdorlari 2-ilovaga muvofiq belgilansin;
• soliqlar, yig‘imlar, jarimalar, davlat bojlari va ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari, tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan shug‘ullanish uchun patent (litsenziya) to‘lovlari hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa to‘lovlar miqdorini aniqlashda qo‘llaniladigan bazaviy hisoblash miqdori – 223 000 so‘m o‘zgarishsiz qoldirilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Moliya vazirligi:
• mazkur qarorning 3-ilovasida ko‘rsatilgan 2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishi yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rsin;
• ikki hafta muddatda yangi tahrirdagi Soliq kodeksining mazmun va mohiyatini soliq to‘lovchilarga tushuntirish hamda amaliyotga joriy qilishni ko‘zda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va amalga oshirsin.
9. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi salbiy bo‘lgan taqdirda mazkur summaning o‘rnini soliq to‘lovchining arizasiga ko‘ra qoplash tartibi 2020 yil 1 iyuldan boshlab joriy etilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:
• Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda elektron hisobvaraq-faktura tizimi operatorlari sonini ko‘paytirish hamda operatorlar bilan hamkorlikda 2020 yil 1 aprelgacha elektron hisobvaraq-fakturalar almashish tizimini to‘laqonli joriy qilish choralarini ko‘rsin;
• elektron hisobvaraq-fakturalar yuritishga o‘tgan soliq to‘lovchilar uchun soliq hisobotlarini topshirish tartibini soddalashtirish, shuningdek, elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn nazorat-kassa mashinalar yuritishdan bosh tortganlik uchun javobgarlik choralarini joriy etish bo‘yicha takliflarni 2020 yil 1 iyulgacha Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. 2020 yilda soliq yukining keskin o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida jismoniy shaxslar mulkiga kadastr qiymati asosida belgilangan mol-mulk solig‘i summasi 2019 yilda hisoblangan soliq summasining 1,3 barobaridan ortiq oshirilmasligi belgilansin.
11. 2020 yil 1 yanvardan boshlab ijtimoiy soliq tushumlari quyidagicha taqsimlansin:
a) byudjet tashkilotlari bo‘yicha:
• byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga – 99,2 foiz;
• Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga – 0,4 foiz;
• O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga – 0,4 foiz;
b) boshqa to‘lovchilar bo‘yicha:
• byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga – 98,4 foiz;
• Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga – 0,8 foiz;
• O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga – 0,8 foiz.
12. 2020 yil 1 yanvardan boshlab:
• rentabellik darajasidan kelib chiqib, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ uchun foyda solig‘i stavkalari 4-ilovaga muvofiq belgilansin;
• “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJga yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi oltin, palladiy va kumush uchun 20 foiz va mis bo‘yicha 15 foiz miqdorida belgilansin.
14. Belgilansinki, o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalariga qonunchilikda oliy ta’lim muassasalari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlari qo‘llaniladi va 2020 yil 1 yanvardan boshlab ijtimoiy soliqning 12 foizlik stavkasi tatbiq etiladi.
15. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan 2020 yil 1 yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan yer solig‘i qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.\
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo‘yicha davlat qo‘mitasi:
• 2020 yil 1 aprelga qadar “O‘zdaverloyiha” ilmiy-loyiha instituti, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlari bo‘lgan barcha yuridik shaxslarga yer solig‘ini hisoblash uchun qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatini yetkazsin;
• 2020 yil 1 iyulga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda, xalqaro tajribadan kelib chiqib, 2021 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatini belgilashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
16. Belgilansinki, mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatish va alkogol mahsulotlari, shu jumladan, pivo uchun aksiz solig‘i bo‘yicha:
• O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjeti va Toshkent shahri shahar byudjetlariga ajratiladigan mablag‘lar har oyda (hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar, yil yakuni bo‘yicha oxirgi ish kuniga qadar) o‘tkaziladi;
• daromadlar prognozining bajarilmagan qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahri shahar byudjetiga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi, prognozning oshirib bajarilgan qismi O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti ixtiyorida qoldiriladi.
17. Mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat soliq xizmati organlari rahbarlari byudjet daromadi prognoz ko‘rsatkichlarini ortiqcha to‘langan va undirilgan soliq summalari hisobiga bajarilishiga yo‘l qo‘ymasliklari bo‘yicha qat’iy ogohlantirilsin.
2020 yil 1 yanvardan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra ortiqcha undirilgan soliq summalarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasiga teng bo‘lgan stavkada foizlar to‘lagan holda qaytarish qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda:
• O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetiga o‘tkazilgan soliqlar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari, tuman va shaharlar byudjetlariga o‘tkazilgan soliqlar bo‘yicha – tegishli mahalliy byudjetlar hisobidan;
• byudjet tizimi byudjetlari o‘rtasida taqsimlangan soliqlar bo‘yicha – tegishli byudjetlar hisobidan ularga ajratmalar me’yoriga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
18. Foyda solig‘i to‘liqligicha O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetiga yo‘naltiriladigan yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Moliya vazirligi takliflariga asosan mazkur qarorning 5-ilovasida ko‘rsatilgan davlat korxonalari va ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari boshqaruv organlarida 2020 yil davomida olinadigan foydadan dividendlar (ajratmalar) to‘lash, ularning miqdorlari va to‘lash davriyligini belgilash to‘g‘risidagi masalalarning ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.
19. Quyidagi soliq turlari bo‘yicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismi to‘liq hajmda Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjeti va Toshkent shahrining shahar byudjetiga qoldirilsin:
• jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
• qo‘shilgan qiymat solig‘i (mazkur qarorning 5-ilovasida ko‘rsatilgan yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i bundan mustasno);
• foyda solig‘i (mazkur qarorning 5-ilovasida ko‘rsatilgan yirik soliq to‘lovchilar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy faoliyat olib boruvchi muassasa orqali faoliyat yurituvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek, norezidentlarning to‘lov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan to‘lanadigan foyda solig‘i bundan mustasno).
• O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga narxlar (tariflar) va qonunchilik hujjatlari o‘zgarishidan kelib chiqib, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha daromadlar prognozini tasdiqlangan ko‘rsatkichlar doirasida hududlar kesimida qayta taqsimlash huquqi berilsin.
20. 2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining aylanma kassa mablag‘larining yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdorlari 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
21. 2020 yilda byudjet tizimi byudjetlari hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish quyidagi hollarda taqiqlansin:
• moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmasa;
• belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari)siz yoki loyiha hujjatlarini qurilish-montaj ishlari bilan bir vaqtda tayyorlash, ya’ni parallel ravishda olib borish;
• pudratchi (loyihachi) tashkilotlarni tender (konkurs) o‘tkazmasdan (“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlarida nazarda tutilgan bo‘lmasa) tanlab olish asosida.
Mazkur bandda ko‘rsatilgan byudjet intizomi qoidalariga rioya qilinishi ustidan Bosh vazirning tegishli sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin.
22. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va Moliya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirish, qurilish me’yorlari va qoidalarini qayta ko‘rib chiqish, qurilish-pudrat tashkilotlari faoliyatini tartibga solish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish, yollanma ishchilarning norasmiy faoliyatini legallashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
23. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi va Innovatsion rivojlanish vazirliklari bilan birgalikda 2020 yil 1 mayga qadar suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘larning hosildorlik oshishiga, suv va moddiy (elektroenergiya, mineral o‘g‘itlar va boshqalar) resurslar iqtisod qilinishiga ta’sirini mustaqil konsalting kompaniyalarni jalb qilgan holda o‘rgansin va 2020 yil 1 sentyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsin.
Mustaqil konsalting kompaniyalarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasidan qoplansin.
24. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining:
• davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda zarar yetkazilmasligini ta’minlash;
• Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha hududiy jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanish yuzasidan chiqariladigan qarorlarini majburiy tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari bilan kelishilishi hamda zararlarni qoplashda ularning davlat byudjeti va mahalliy byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishi yuzasidan mas’ulligi belgilab qo‘yilsin.
25. Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 fevralga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalariga davlat bojlari, yig‘imlar va soliq bo‘lmagan to‘lovlar, ma’muriy va moliyaviy jarimalardan ajratmalar miqdorini byudjetdan tashqari mablag‘lardan to‘lab kelinayotgan ish haqi va rag‘batlantirish to‘lovlarini unifikatsiyalashtirgan holda Davlat byudjeti orqali amalga oshirish hisobiga maqbullashtirish bo‘yicha taklif kiritsin.
Vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan ularning xodimlariga uy-joy va avtomashinalar xaridi uchun imtiyozli kreditlarni va foizsiz ssudalarni ajratish bekor qilinsin.
26. Belgilansinki, 2020 yil 1 yanvardan boshlab byudjet tashkilotlari, vazirlik, idoralar va davlat maqsadli jamg‘armalarining:
• milliy valyutadagi byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobi faqat Yagona g‘azna hisobvarag‘ida yuritiladi;
• vaqtincha bo‘sh turgan milliy valyutadagi mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish ularning so‘rovlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Markaziy bank bilan kelishilgan holda elektron auksion orqali amalga oshiriladi;
• tijorat banklari depozitlariga 2020 yilgacha joylashtirilgan milliy valyutadagi mablag‘lari depozit muddati tugagandan so‘ng, muddat uzaytirilmasdan Yagona g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Bunda tijorat banklari depozitlariga kredit resursi sifatida maqsadli joylashtirilgan mablag‘lar mazkur resurs hisobiga berilgan kreditlar so‘ndirilgandan so‘ng Yagona g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi byudjet tashkilotlari hamda davlat maqsadli jamg‘armalarining tijorat banklardagi hisobvaraqlarining harakati bo‘yicha ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘ysin.
28. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda davolash va profilaktika muassasalarida, “barkamol avlod”, bolalar musiqa va san’at maktablarida, sport muassasalarida, davlat madaniyat muassasalarida, veterenariya bo‘linmalarida, shuningdek, adliya organlarida pullik xizmatlar ko‘rsatish amaliyotini o‘rganib chiqqan holda aholiga yanada qulaylik yaratish, pul tushumlarining shaffofligini oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin.
29. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 iyunga qadar davlat tashkilotlarida yengil xizmat avtomashinalari cheklangan sonini belgilash, shuningdek, rahbar xodimlarga xizmat avtomashinalarini klassiga qarab biriktirish tartibini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
30. Maktabgacha ta’lim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda o‘z tasarrufidagi muassasalarda ovqatlantirish bo‘yicha joriy etilgan autsorsing tizimining samaradorligini o‘rganib chiqsin va natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin.
31. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi markaziy apparatida ta’lim muassasalarida ish xaqini rejalashtirish va moliyalashtirish bo‘limlarini tashkil etish uchun hududiy g‘aznachilik organlarining shtat birliklarini qisqartirish hisobiga qo‘shimcha 4 tadan shtat birliklari ajratilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Moliya vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda umumta’lim maktablarining o‘quv binolaridan samarali foydalanishga hamda sinflarni komplektlash jarayonining shaffofligini oshirishga qaratilgan umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
32. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga, hududiy moliya organlari tomonidan esa hududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga tegishli byudjetlardan kelgusi uch yil uchun ajratiladigan byudjet mablag‘larining chegaralangan miqdorlarini hamda yuqori byudjetlardan quyi byudjetlarga beriladigan transfertlar miqdorini har yili 15 iyunga qadar yetkazish tartibi joriy etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga har yili 1 mayga qadar O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy rivojlanishining keyingi yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozi aniqlashtirilgan ko‘rsatkichlarini, har yili 15 avgustga qadar esa o‘rta muddatli (kelgusi uch yilga) davrga mo‘ljallangan prognozlarini taqdim qilsin.
33. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020 yil 1 iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi byudjet tizimi byudjetlari o‘rtasida byudjetlararo transfertlarning miqdorini aniqlash va o‘tkazish qoidalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
34. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining davlat byudjeti xarajatlari samaradorligini baholashning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin:
• 2020 yil davomida sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, avtomobil yo‘llari va suv xo‘jaligi sohalarida 2018-2019 yillar davomida qabul qilingan tadbirlarga yo‘naltirilgan byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larning natijadorligini xalqaro moliya institutlari ekspertlarini jalb qilgan holda tahlil etib, baholash;
• baholash natijalaridan kelib chiqib, tajriba tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va Suv xo‘jaligi vazirligi xarajatlarining sifat va miqdor ko‘rsatkichlarini belgilash hamda ularni baholash tizimini joriy etish, shu asosda ko‘rsatilgan vazirlik va idoralarning 2021 yil uchun byudjetlarini shakllantirish;
• 2021 yildan boshlab barcha vazirlik va idoralarning byudjetlari xarajatlarining samaradorlik indikatorlarini belgilagan holda maqsadli rejalashtirish tizimiga o‘tkazish va mazkur tizimni 2022 yil byudjetini shakllantirishda tatbiq etish.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida belgilangan shtat birliklari doirasida 5 ta shtat birligidan iborat Byudjet xarajatlari samaradorligini baholash va byudjetni rejalashtirishning dasturiy-maqsadli uslublarini joriy etish bo‘limi tashkil etilsin.
35. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda 2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlarini tasdiqlasin.
36. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda:
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan amalga oshiriladigan xarajatlarni, shuningdek, respublika byudjetidan mablag‘ oluvchi byudjet mablag‘lari taqsimlovchilari tomonidan ularga ajratilgan byudjet mablag‘laridan manzilli va samarali foydalanilishi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatsinlar;
• 2020 yil 1 sentyabrga qadar yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda vazirlik va idoralar, byudjet tashkilotlari va byudjetdan mablag‘ oluvchilar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini va javobgarligini oshirishni nazarda tutuvchi Ichki nazorat va ichki auditni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
• O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotidan boshlab moliyaviy aktivlar va majburiyatlarning o‘zgarishi bilan bog‘liq moliyaviy o‘tkazmalarni Davlat moliyasi statistikasining xalqaro standartlaridan kelib chiqib, hisobotda aks ettirsin.
40. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining xarajatlarini quyidagi hajmlarda aniqlashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin:
• O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari 113 500,0 mlrd so‘m miqdorida;
• byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining xarajatlari 26 260,0 mlrd so‘m miqdorida;
• Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining xarajatlari 426,0 mlrd so‘m miqdorida.
41. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi davlat moliyasini boshqarish, buxgalteriya hisobini yuritish va hisobotlarni shakllantirish, shuningdek, byudjet muassasalarida ishlovchi ishchi xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hisobini to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshirish bo‘yicha axborot dasturlarining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetining qo‘shimcha mablag‘lari hisobiga server va telekommunikatsion qurilmalarini yangilasin.
42. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
43. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 30 dekabr
LiveBarchasi