Prada Versace’ni 1,25 mlrd yevroga sotib oldi
Madaniyat-san’at
−
10 aprel
4183Italiyaning mashhur moda uyi Prada Group modalar dunyosidagi yana bir yirik brend Versace’ni 1,25 milliard yevro evaziga sotib oldi. Bu haqda WWD va “Vogue Business” nashrlari xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Versace brendi Capri Holdings konserniga tegishli bo‘lib, u hozirgi kunda Michael Kors va Jimmy Choo kabi brendlarga ham egalik qiladi. Hozirgi kelishuv hali muvofiq idoralar tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Prada Group bosh direktori Andrea Gerra bu xarid guruh uchun “o‘zgacha va to‘ldiruvchi yangi qirra” qo‘shishini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u Versace brendining salohiyati yuqori bo‘lishiga qaramay, “oldinda uzoq va murakkab yo‘l” kutilayotganini aytgan.
Mutaxassislarning fikricha, kelishuv narxiga 2 aprelda AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan qo‘shimcha bojlar ham ta’sir qilgan. AQSH Italiyadan keladigan tovarlarga 20 foizlik boj belgiladi. Ilgari Versace 1,6 milliard dollarga baholangan bo‘lsa, bojlardan so‘ng uning narxi 1,38 milliard dollargacha tushgani aytilmoqda.
Capri Holdings guruhining moliyaviy holati ham ma’lum rol o‘ynagan: Versace so‘nggi hisobot davrida 15 foiz daromad yo‘qotgan (193 million dollar), butun guruhning daromadi esa 11,6 foizga kamaygan. Tahlilchilar brendga yangi rivojlanish strategiyasi kerakligini ta’kidlamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Versace’ning sotilishi Donatella Versache kompaniyani tark etganidan keyin amalga oshgan. Bu ham brendning strategik yo‘nalishini o‘zgartirish zarurati bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin.
“Vogue”ning ta’kidlashicha, Versace Capri Holdings’ning Tapestry bilan qo‘shilishiga AQSHning Federal savdo komissiyasi (FTC) to‘sqinlik qilganidan so‘ng sotuvga qo‘yilgan. Shundan keyin Capri o‘z strategiyasini o‘zgartirib, asosiy e’tiborni Michael Kors brendiga qaratgan. Ayni vaqtda kompaniya Jimmy Choo brendi uchun ham xaridor izlamoqda.
Qayd etish joiz, Capri Holdings (o‘shanda Michael Kors Holdings) 2019 yil yanvar oyida Versace’ni 2,1 milliard dollardan ortiq summaga xarid qilgan.
Versace modalar uyi 1978 yilda Janni Versache tomonidan ta’sis etilgan. U o‘zining jasur, ramziy va glamur dizayni bilan butun dunyoda mashhurlikka erishgan. Ammo 1997 yili Janni Versache vafot etganidan so‘ng, uning singlisi Donatella Versache brend rahbarligini o‘z zimmasiga olgan va kreativ direktor sifatida uning estetikasini davom ettirgan. Donatella nafaqat brendini saqlab qolgan, balki uni XXI asrga uyg‘unlashtirishga ham muvaffaq bo‘lgan. Ammo joriy yil mart oyida Donatellaning brenddan ketishi haqida ma’lum qilindi.
Prada uyi esa 1913 yilda Milanda tashkil etilgan. Ushbu brend avvaliga chemodan va charm buyumlarni ishlab chiqargan bo‘lsa-da, keyinchalik yuqori darajadagi zamonaviy modaga aylangan. Kompaniyani hozirda Miuchcha Prada boshqaradi – u 1980 yillarda brendga intellektual, minimalistik va innovatsion ruh olib kirgan. Bugungi kunda Prada’ning 80 foiz aksiyalari hali ham asoschilar oilasiga tegishli.
LiveBarchasi
Trenddagilar


