PPX xodimiga musht tushirgan haydovchi uzr so‘rab chiqdi (video)
3-sahifa
−
06 aprel 9563 3 daqiqa
Avvalroq, Toshkent shahrida mast haydovchi ichki ishlar organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, patrul-post xizmati inspektoriga musht tushirgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu hodisa ortidan haydovchining mazkur jarayonga aralashgan ichki ishlar tizimida ishlovchi podpolkovnik akasi ishdan olindi. Uka mazkur voqeadan afsusda ekanini va akasining yillar davomida orttirgan obro‘siga putur yetkazganini aytib, uzr so‘radi. Bu haqda u poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.
“Spirtli ichimlik iste’mol qilganim sababli gap talashib qoldik, keyin patrul-post xizmati xodimlari yetib kelib, o‘zaro janjallashib qoldik. Shundan so‘ng kayf holatda qo‘limni ko‘tarib yubordim. Bu qilgan ishimdan ming afsusdaman, hammadan uzr so‘rayman. Boshqalarga bunday qilib ichib yurishni tavsiya etmayman. Agar transport vositasini boshqarishda davom etganimda, orqamdan boshqalar jabr ko‘rishi mumkin edi. Akamning yillar davomida orttirgan obro‘siga ham putur yetkazdim. Hammasi spirtli ichimlik sabab bo‘ldi. Bu hol boshqa takrorlanmaydi, qilgan ishimdan pushaymonman”, deydi haydovchi.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Hodisa poytaxtning Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan. Fuqaro P. davlat raqamlari yechib qo‘yilgan transport vositasini mast holatda boshqarib, svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘iga bo‘ysunmasdan harakatlangan va boshqa avtomashina bilan yo‘l-transport hodisasini sodir etgan. Voqea joyiga yetib kelgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari yo‘l-transport hodisasini rasmiylashtirmoqchi bo‘lganida, P. jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan va ularga faol qarshilik ko‘rsatgan. Xususan, haqoratli so‘zlar ishlatib, xizmat vazifasini bajarayotgan inspektorning pagonlarini yulib olgan.
“Voqea joyiga borib o‘rganilganda, Malibu 2 haydovchi o‘ta mast holatda bo‘lib, o‘zini bilmayotgani, xushi o‘zida emasligi aniqlandi. Belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rish maqsadida yo‘l-transport hodisasi rasmiylashtirilayotgan chog‘da, haydovchi turli haqoratli so‘zlar ishlatib, jamoatchilikni o‘ziga qaratib, tartibni buzgan va xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatdi”, deydi IIO xodimi.
Shundan so‘ng voqea joyiga maxsus ekipaj chaqirtirilgan. Yetib borgan patrul-post xizmati xodimlarining jamoat tartibini saqlash haqidagi qonuniy talabini bajarmagan P. ulardan birini urib, tan jarohati yetkazgan.
“Murojaat bo‘yicha yetib borganimizda fuqaro spirtli ichimlik iste’mol qilgani, ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmayotgani, ularni haqorat qilib, so‘kayotganiga guvoh bo‘ldik. Shundan so‘ng fuqaroni tinchlantirish maqsadida unga qilayotgan xatti-harakatlari noqonuniyligi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasiga zid ravishda harakatlanayotgani tushuntirildi. U esa meni jag‘ qismimga bir marta urdi. Shundan so‘ng o‘zimga biriktirilgan maxsus vosita yordamida fuqaroni zararsizlantirib, ichki ishlar bo‘limiga olib bordik”, deydi jabrlanuvchi PPX xodimi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi hamda 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov davom etmoqda.