Poytaxt hokimligi yo‘llardagi “yama”larga toqatli bo‘lishga chaqirdi
Jamiyat
−
17 mart
5723Avvalaroq, Toshkent shahridagi maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari shahar yo‘llaridagi chuqurlarni o‘z hoxishlari bilan ta’mirlayotgani xabar qilingan edi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar hokimligi munosabat bildirdi va fuqarolarni toqatliroq bo‘lishga chaqirdi.
Bildirilishicha, hozirgi kunda Toshkent shahar hokimligi va tuman hokimliklari yo‘l qoplamasini ta’mirlash bo‘yicha rejali va keng ko‘lamli ishlarni olib bormoqda. Bu ishlarga frezerlash, tozalash, asfalt yotqizish va uni maxsus texnikalar yordamida zichlash kiradi. Ushbu tadbirlar belgilangan texnologik talablar asosida, sifatli materiallardan foydalangan holda, shuningdek, ishlar paytida xavfsizlikni ta’minlash uchun YHXBB xodimlarini jalb etgan holda amalga oshirilmoqda.
Bildirilishicha, chuqurchaga sovuq aralashma to‘ldirib, qo‘l ostidagi vositalar bilan zichlash usuli to‘liq ta’mirlash hisoblanmaydi. Bunday usul muammoni hal qilmasdan qolmay, balki ba’zi hollarda vaziyatni yanada murakkablashtirishi, transport harakatiga va ta’mirlash tashabbuskorlarining o‘zlariga qo‘shimcha xavf tug‘dirishi mumkin.
“Ta’mirlash tashabbuskorlarini yo‘llarni o‘zboshimchalik bilan yamashdan tiyilishga va toqatli bo‘lishga chaqiramiz. Barcha zarur ta’mirlash ishlari tasdiqlangan jadval asosida va texnik me’yorlarga rioya qilgan holda bajarilmoqda. Biz faol fuqarolik pozitsiyasi uchun shaharliklarga minnatdorchilik bildiramiz. Ushbu g‘ayratni yanada samarali yo‘naltirishga undaymiz — Xalq nazorati portaliga murojaatlar yuboring, noto‘g‘ri ta’mirlash holatlarini suratlar bilan qayd eting va ijroni kuzatib boring. Faolligingiz shaharimizni yanada yaxshilashga yordam beradi!” deyiladi hokimlik munosabatida.
Eslatib o‘tamiz, 7 martdan Toshkent shahrida ko‘cha-yo‘l tarmog‘ini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha ishlar boshlangan edi. 2025 yilda joriy va kapital ta’mirlash talab qilinadigan ko‘chalar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan manzilli ta’mirlash dasturi ishlab chiqilgan. Dastur doirasida umumiy maydoni 65 000 m² dan ortiq bo‘lgan yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilgan, jumladan, ishlar qoplamaning uzoq muddat chidamli bo‘lishini ta’minlaydigan texnologiyalar va materiallarni qo‘llagan holda ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar tomonidan 7 martdan boshlab amalga oshiriladi.
LiveBarchasi