Portugaliyaning yangi prezidenti saylandi
Olam
−
09 fevral 1000 1 daqiqa
Portugaliyada kecha, 8 fevral kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining ikkinchi turida chap markazchi Sotsialistik partiya nomzodi Antoniu Joze Seguru g‘olib bo‘ldi. Bu haqda prezidentlik saylovining rasmiy saytida keltirilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 63 yoshli Seguru 66,8 foiz ovoz to‘plagan. Uning asosiy raqibi o‘ng qanotdagi “Chega” partiyasi yetakchisi Andre Ventura esa 33,2 foiz ovoz olgan.
Seguru so‘nggi 20 yil ichida Portugaliyada saylangan ilk sotsialist prezident bo‘lgan. Uni saylovdagi g‘alaba bilan mamlakat Bosh vaziri, o‘ng markazchi Sotsial-demokratik partiya yetakchisi Luis Montenegro tabriklab, yaxshi hamkorlikka umid bildirgan.
2016 yildan beri ikki muddat ketma-ket lavozimni egallab kelgan Marselu Rebelo de Souza 2026 yil 9 mart kuni prezidentlik vakolatlarini Antoniu Joze Seguruga topshiradi.
Ma’lumot uchun, saylovning birinchi turi joriy yilning 18 yanvarida bo‘lib o‘tgan. Hech bir nomzod 50 foizdan ortiq ovoz ololmagani uchun ikkinchi tur o‘tkazildi. Seguru o‘shanda 31,1 foiz, Ventura esa 23,5 foiz ovoz to‘plagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Laura Fernandes Kosta-Rikadagi prezidentlik saylovlarida jinoyatchilikka qarshi qat’iy siyosatni targ‘ib qilgan platforma bilan g‘alaba qozongandi.
Farangiz Sunnatova