Portugaliyada uy-joy narxlariga qarshi noroziliklar avj oldi

Olam

−

image

Portugaliyada uy-joy narxlarining oshishiga qarshi minglab odamlar namoyishga chiqdi. Politsiya Lissabon va Portu shaharlaridagi norozilik lagerlarini tarqatib yuborib, 55 kishini qo‘lga olganidan keyin ham faollar namoyishlarni davom ettirishini bildirmoqda. Bu haqda DW xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 20 oktyabr kuni ertalab politsiya Lissabon va Portu shaharlarida namoyishchilar o‘rnatgan chodirlarni olib tashlash bo‘yicha amaliyot o‘tkazgan. Lissabon markazidagi Rossiu maydonida faollar 17 oktyabrdan beri qariyb 200 ta chodir tikib, uy-joy narxlarining oshishiga qarshi norozilik bildirayotgan edi. Portu shahrida esa namoyishchilar Dom Joao I maydonida qariyb 10 kundan beri lager tashkil qilgan.

Politsiya harakatlari davomida jami 228 ta chodir va lagerga tegishli boshqa buyumlar olib tashlangan. Portuda esa politsiya aralashuvi mumkinligidan ogohlantirganidan so‘ng namoyishchilar chodirlarini o‘zlari yig‘ishtirib olgan. Lissabonda esa politsiya maydonni bo‘shatishga kirishganida faollar inson zanjirini hosil qilgan. Mahalliy telekanallar namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berganini ko‘rsatuvchi lavhalarni namoyish qilgan.

Lissabondagi lager vakili Karla Valadau politsiya harakatlarini juda tajovuzkor deb baholagan. Biroq Jamoat xavfsizligi politsiyasi boshlig‘i Serjiu Soaresh amaliyot tinch va mutanosib tarzda o‘tkazilganini, politsiya namoyishchilarga qarshi hujum qilmaganini bildirgan. Qo‘lga olingan 55 kishining barchasi keyinchalik sudga kelish sharti bilan ozod qilingan.

Namoyishchilar kecha, 20 oktyabr kuni kechqurun Lissabon, Portu va boshqa shaharlarda yana ko‘chalarga chiqqan. Tashkilotchilarning aytishicha, Lissabon va Portudagi har ikki asosiy namoyish joyida mingdan ortiq kishi to‘plangan. Lissabondagi Rossiu maydonida faollar 21 oktyabr kuni chodir lagerini qayta tiklash uchun ovoz bergan.

Portugaliyada uy-joy inqirozi so‘nggi yillarda keskinlashgan. 2017 yildan buyon uy-joy sotib olish narxlari ikki barobardan ko‘proq oshgan, yangi ijara shartnomalari bo‘yicha to‘lovlar esa deyarli ikki barobar ko‘paygan. Ayniqsa, Lissabon va Portu shaharlarida yashash xarajatlari aholi uchun jiddiy muammoga aylangan.

Namoyishchilar markaz-o‘ng hukumat taklif qilgan, ijarachilarni uydan chiqarishni osonlashtirish va yangi ijara shartnomalari uchun belgilangan narx cheklovlarini bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasiga qarshi chiqmoqda. Ular hukumatdan ushbu loyihani qaytarib olishni talab qilmoqda. Hujjat parlamentdagi dastlabki o‘qishdan o‘tgan.

Portugaliyadagi namoyishlar Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham uy-joy narxlari va yashash xarajatlarining oshishiga qarshi noroziliklar kuchayayotgan bir paytda yuz bermoqda. Ispaniyada ham faollar ijarachilar huquqlarini kuchliroq himoya qilishni talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyada joriy yilning 17 oktyabr kuni yuz bergan tartibsizliklar bo‘yicha ishlarning sudda ko‘rib chiqilishi yakunlariga ko‘ra, qariyb 150 kishi qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing