Portugaliya va Niderlandiya muxlislari Jahon chempionatini boykot qilishga chaqirmoqda
Sport
−
13:15 5500 1 daqiqa
FIFA tomonidan Jahon chempionatiga belgilangan chiptalar narxlarining oshirilishi sabab Portugaliya va Niderlandiya muxlislar uyushmalari 2026 yilgi Jahon chempionatini boykot qilishga chaqirmoqda. Bu haqda “Telecomasia” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, final chiptalari 2022 yilgi Qatardagi Jahon chempionati finali bilan solishtirganda 6-7 baravar qimmat. Ba’zi muxlislar yillar davomida chiptalar uchun mablag‘ to‘plagan bo‘lsalar-da, hozir ular musobaqaga borishni xohlashlariga shubha qilmoqda. Shu sababdan Portugaliya va Niderlandiya muxlislar uyushmalari 2026 yilgi Jahon chempionatini boykot qilishga chaqirmoqda.
Shuningdek, Fransiyaning bir qator muxlislar assotsiatsiyalari ham boykot qilishni ko‘rib chiqmoqda. Hozirda ular bu masala bo‘yicha yordam so‘rab Fransiya futbol federatsiyasiga murojaat qilgan. “Les Baroudeurs” muxlislari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Mehdi Salem vaziyatni 2018 yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati bilan taqqosladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha turnirda final o‘yini chiptalari taxminan 500 yevro, 2022 yilda Qatarda esa 600 yevro atrofida bo‘lgan. Endilikda esa ushbu narxning 3600 yevroga chiqishi mutlaqo asossiz, deya baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa futbol muxlislari assotsiatsiyasi (EFSA) FIFA tomonidan 2026 yilgi Jahon chempionati uchun belgilangan yuqori chipta narxlaridan norozilik bildirgan edi.
Live
Barchasi