Sergelidagi portlashga sabab Xitoy elektromobillarimi?
Tahlil
−
02 Oktabr 2023
19994Joriy yilning 28 sentyabr kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida sodir bo‘lgan fojiada “Inter Logistics” MCHJ omboridan chiqqan alanga Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarga ham o‘tgani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ jamoasi ushbu omborda bo‘ldi va yong‘inda zararlangan avtomobillarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Ba’zi mish-mishlarga ko‘ra, portlash aynan elektromobillardan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, eletkromobillar qanday qilib o‘z-o‘zidan yonishi va portlab ketishi mumkin? Bundan oldin ham dunyoda Xitoy elektromobillari bilan bog‘liq yong‘in hodisalari sodir bo‘lganmi? Ushbu maqolada yuqoridagi savollar haqida so‘z yuritiladi.
Elektromobillarning portlash ehtimoli va xavfi
Butun dunyoda elektromobil akkumulyatorlarining portlashlari kamdan kam uchraydi. Biroq, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, benzin va dizel yonilg‘isi ishlatiladigan avtomobillarga nisbatan elektromobillarning yonib ketishi kattaroq xavfni keltirib chiqaradi. Yong‘in elektr skuterlar va elektr velosipedlarda ham xavfli tus olishi mumkin.
Avstraliyaning EV FireSafe firmasi butun dunyo bo‘ylab elektromobillar akkumulyatorlarining ishlashini kuzatib boradi. Uning ma’lumotlar bazasida 2010 yildan 2023 yil iyunigacha butun dunyo bo‘ylab 30 millionga yaqin elektr transport vositalaridan atigi 393 tasi yonib ketgani haqida ma’lumotlar mavjud.
Avstraliyaning o‘zida esa xuddi shu vaqt ichida faqat to‘rtta elektromobil akkumulyatori yonib ketgan. Ulardan biriga o‘t qo‘yilgan bo‘lsa, qolgan uchta transport vositasi texnik nosozlik tufayli yongan.
Elektr transport vositalari soni ortib borayotgani sababli, butun dunyoda odamlar elektromobillarning portlashidan xavotirga tushmoqda. Biroq, Shvetsiya Fuqarolik favqulodda vaziyatlar agentligining 2023 yil may oyidagi hisobotiga ko‘ra, ichki yonuv dvigatellari bilan ishlaydigan avtomobillar motorining yonib ketish ehtimoli Shvetsiyadagi elektr transport vositalarinikiga qaraganda 20 baravar ko‘proq.
Shvetsiyada 2022 yilda turli elektrlashtirilgan transport turlarida 106 ta yong‘in qayd etilgan. Ularning yarmidan ko‘pi elektron skuterlarda (38) va elektron velosipedlarda (20) sodir bo‘lgan. Shvetsiyadagi 611 000 ta elektr transport vositalaridan 23 tasidagina yong‘in sodir bo‘lgan. 4,4 million benzin va dizel dvigatelli avtomashinalarning orasida esa 3400 ta yong‘in qayd etilgan.
Global miqyosda EV FireSafe kompaniya 2010 yildan 2023 yilgacha elektromobillarining taxminan 0,0012 foizi yonib ketganini aniqladi. Biroq ushbu kompaniya mashina yonishni boshlagandan keyin olovni o‘chirish qiyinligini ham hisobotida ta’kidlab o‘tgan.
Dunyo bo‘ylab 393 ta tasdiqlangan yong‘in bilan bir qatorda EV FireSafe'ning ma’lumotlar bazasida tekshirilayotgan 74 ta va tekshirilmagan 21 ta hodisa mavjud.
2020 yilgi Tesla kompaniyasining ichki hisoboti har 330 million kilometr bosib o‘tgan Tesla elektromobili uchun bitta yong‘in sodir bo‘lishini ko‘rsatadi. Qo‘shma Shtatlar uchun Milliy yong‘indan himoya qilish assotsiatsiyasi ma’lumotlari 30,6 million kilometrdan keyin Tesla elektromobilida yong‘in boshlansa, bu xavfli tus olishi mumkinligini isbotlaydi.
Elektr transport vositalarida yong‘in xavfi haqida hali ham to‘laqonli ma’lumot mavjud emas. Statistik jihatdan ishonchli taqqoslashlar ko‘proq ma’lumotlarni olish uchun uzoq vaqtni talab qiladi.
Elektromobil akkumulyatorlari juda kichik yuzada ko‘p energiya saqlaydi. Ular shikastlanganda ichki qisqa tutashuv termal qochqin deb ataladigan zanjir reaksiyasini keltirib chiqaradi. Keyin, batareyada saqlanishi kerak bo‘lgandan ko‘ra ko‘proq issiqlik hosil bo‘ladi va batareya yonib ketadi.
Elektromobillar batareyasidagi yong‘inlarning taxminan 95% reaktiv yo‘nalishli yong‘inlar deb tasniflanadi. Batareya turli sabablarga ko‘ra yonib ketishi mumkin. Bunga to‘qnashuv, ishlab chiqarishdagi kamchiliklar, akkumulyatorlarning nosozliklari, ustaxonalardagi ta’mirlash, tashqi yong‘inlar yoki haddan tashqari issiqlik natijasida shikastlanishlar sabab bo‘lishi mumkin.
EV FireSafe ma’lumotlar bazasi yong‘inlarning taxminan 18 foizi avtomobillar quvvatlanayotganda va 2 foizi zaryadlovchidan uzilganidan keyin bir soat ichida sodir bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Hodisalarning 25 foizga yaqini yer osti yo‘llarida, 31 foizi tashqarida to‘xtab turganda va 29 foizi mashina haydash paytida (qolgan 15 foizi noma’lum vaqtda) sodir bo‘lgan. Elektr transport vositalarining yong‘inlari yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda. Aholi xavfsizligini ta’minlash uchun yong‘inlarning oldini olish davlatning asosiy muammolaridan biriga aylanish mumkin.
Batareyalar yonib ketganda yong‘in juda tez tarqaydi. Lityum batareya yong‘inlari juda yuqori haroratlarda yonadi. Bu bir necha kun davom etishi va yon atrofdagi jismlarga katta zarar yetkazishi mumkin. Agar yong‘in o‘chirilmasa, yongan batareyalar ko‘p soatlar davomida o‘zidan juda zaharli gazlar va kimyoviy moddalarni chiqarishi mumkin. Ushbu yong‘inlarni bartaraf etish uchun tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan o‘t o‘chirish brigadalari kerak.
Xitoy elektromobillari qanchalik yonishga moyil?
Xitoy elektromobil sanoatining arzon uskunalardan foydalanishi ko‘plab yong‘inlarni keltirib chiqarmoqda. Bu ishlab chiqaruvchilarning xavfsizlik va sifat standartlaridan ko‘ra xarajatlarni kamaytirishni birinchi o‘ringa qo‘yayotganining ham isboti bo‘lishi mumkin.
Xitoy ishlab chiqarayotgan elektromobillarda so‘nggi paytlarda juda ko‘p muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Masalan, birgina o‘tgan yilda judayam ko‘p Xitoy elektromobillari portlab ketgan. Bu elektromobil sanoatida katta muammolarni keltirib chiqarmoqda. Chunki minglab elektromobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar mazkur poygaga qo‘shilishga shoshilmoqda va yo‘lovchilar xavfsizligini o‘ylagani ham yo‘q.
Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchilari, shu jumladan, yetakchi kompaniyalar ham ko‘plab yong‘in hodisalari tufayli moliyaviy qiyinchiliklar va potensial bankrotlik kabi to‘siqlarga duch kelmoqda.
Xitoy elektromobillarining o‘z-o‘zidan yonib ketish, yoki akkumlyatori portlab ketish ehtimoli boshqa davlat elektromobillariga nisbatan yuqori bo‘lishi mumkin. Binobarin, akkumulyatorni oldindan qizdirish, haddan tashqari issiqlik va batareyani sovutish tizimlari bilan bog‘liq muammolar Xitoy elektromobillarida ham uchrab turibdi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda eletkromobil yong‘inlarida ayblangan Xitoyning Catl akkumulyator ishlab chiqaruvchisi Pekin ko‘magi bilan elektromobil sanoatida bozor qiymati bo‘yicha General Motors va Ford’ni ortda qoldirib, yirik kompaniyaga aylanib olgan.
Xitoyning elektromobil kompaniyalari ishonchlilik, rentabellik, pul oqimi va mahsulot sifati bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. Buning natijasida, faol kompaniyalarning mavqeyi pasayishi, ularning rentabellik va sifat nazoratini saqlab qolish qobiliyati haqida xavotirlar ham mavjud.
Xitoy elektromobillari bilan bog‘liq so‘nggi yong‘inlar
Xitoyda elektromobillar bilan bog‘liq nohush holatlar so‘nggi yillarda ancha ko‘paygan. Masalan, 2012 yilda Xitoyning BYD kompaniyasiga tegishli E6 elektromobili Ford GT-R bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda elektromobil ichida yong‘in kelib chiqqan va undagi yo‘lovchilar halok bo‘lgan.
Qolaversa, 2012 yil Xitoydagi Chevy Volt elektromobili ham avariya sinovidan so‘ng yong‘inni boshdan kechirgan va mavjud modellar batareyalarni yaxshiroq himoya qilish uchun po‘lat plitalar bilan qayta jihozlangan.
Xitoy Favqulodda vaziyatlar vazirligining yong‘in va qutqaruv boshqarmasi tomonidan 2022 yil 3 aprel kuni qayd etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning birinchi choragida 3640 ta elektr transport vositasi yonib ketgan. Bu avvalgi yildan 32% ga yuqori. Ushbu ko‘rsatkich shuni anglatadiki, o‘sha yili har kuni taxminan 7 ta elektr transport vositalarida yong‘in chiqqan bo‘lishi mumkin.
Car News China ma’lumotlariga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan raqamlarni so‘nggi ikki yil bilan solishtirganda, 86 ta elektromobil yong‘inlari qayd etilgan. Global Times nashriga ko‘ra, Mo‘g‘ulistondagi Harmony OS tizimida harakatlanuvchi birinchi elektromobil – AITO M5 ham 2022 yil to‘liq yonib ketgan, oqibatda ikki kishi halok bo‘lgan. O‘sha paytda ularning o‘limiga is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgani aytilgandi.
2022 yil 11 iyun kuni Guangdong provinsiyasining Xeyuan shahrida ikkita yangi elektromobil quvvat olayotganida portladi va shassilari yonib ketdi. Xuddi shu rusumli elektromobil Xefey shahrida ham portlagan. Yaqinda Xitoyning eng yirik yangi elektromobil ishlab chiqaruvchisi BYD elektromobillari ham yong‘in bilan bog‘liq ko‘plab hodisalarni boshdan kechirdi. E-vehicles info portalining yozishicha, BYD elektromobillarida 2020 yildan 2022 yilgacha jami 11 ta yong‘in qayd etilgan. Li Cars nomidagi yana bir brend bilan esa shu vaqt mobaynida 5 ta yong‘in aniqlangan.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, Xitoyda elektromobil yong‘inlarining ko‘payishidagi asosiy sabab ushbu elektr transport vositalarini ishlab chiqarishda arzon materiallardan foydalanish bo‘lishi mumkin.
Sergeli fojiasi
28 sentyabr kuni poytaxt Toshkentning Sergeli tumanidagi fojiaga keladigan bo‘lsak, IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va ”b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va 4 kishi jinoiy protsessual tartibda qo‘lga olingan. QALAMPIR.UZ manbasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxonada kimyoviy moddalar xavfsizlik qoidalariga zid ravishda saqlab kelingan va yong‘in kelib chiqishi sabab bo‘lgan.
Avazbek Mo‘ydinov
LiveBarchasi