Poroshenko uchinchi urinishda Ukrainadan chiqib ketdi
Olam
−
30 may 2022
10459Ukrainaning sobiq Prezidenti Pyotr Poroshenko uchinchi urinishida Ukraina chegarasini kesib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda bugun, 30 may kuni Yevropa birdamlik partiyasi deputati Vladimir Ariyev o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Poroshenko Niderlandiyaga Yevropa xalq partiyasi sammiti uchun qo‘yib yuborildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 27 may kuni Poroshenko NATO Parlament Assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatni tark etishga uringan, biroq chegarachilar uni o‘tkazib yubormagan. Ertasi kuni sobiq Prezident yangi urinish qildi, biroq unga ikkinchi marta ketishga ruxsat berilmadi.
Bugun ertalab Ukrainaning sobiq Prezidenti Pyotr Poroshenko o‘zining Telegram kanalida amaldagi davlat rahbari Vladimir Zelenskiyga uni mamlakatdan tashqariga chiqarishini so‘rab murojaat qildi. U o‘z maktubida Niderlandiyaning Rotterdam shahrida bo‘lib o‘tadigan Yevropa xalq partiyasi kongressi va sammitida nutq so‘zlamoqchi ekanligini tushuntirgan. Poroshenkoning ta’kidlashicha, u Rotterdamda Ukrainaga NATOga a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasini berishni so‘rash niyatida bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, Poroshenko 2014-2015 yillarda Donbassdan ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha jinoiy ishda ayblanuvchi hisoblanadi va uni 15 yilgacha qamoq jazosi kutmoqda. Joriy yilning yanvar oyida Kiyevning Pecherskiy tuman sudi mamlakat sobiq rahbarini shaxsiy majburiyat bo‘yicha ozodlikka chiqarib, unga xorijga chiqish uchun pasportlarini topshirish va tergovchi ruxsatisiz Kiyev va viloyatni tark etmaslikni buyurgan edi.
LiveBarchasi