Politsiya Imron Xonning uyiga bostirib kirdi
Olam
−
18 mart 2023
11111Avval xabar berganimizdek, Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon o‘ziga qarshi ochilgan jinoiy ish ko‘rib chiqiladigan sud majlisida qatnashish uchun Islomobodga jo‘nab ketgan edi. Uning yo‘qligida Pokiston politsiyasi Xonning Lahordagi uyiga bostirib kirdi. Bu haqda Xon raislik qiladigan “Adolat harakati” partiyasi rasmiylariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Imron Xon sudda qatnashish uchun poytaxt Islomobodga jo‘nab ketgach, politsiya uning qarorgohiga kirgan. Xon o‘zining Twitter'dagi sahifasida xotini Lahorda qolganini yozgan.
“Bu orada Panjob politsiyasi Bushra Begum yolg‘iz bo‘lgan Zamon bog‘idagi uyimga hujum uyushtirdi. Qaysi qonun asosida ular buni qilyapti? Bu borada hech qanday noaniqlik bo‘lmasligi kerak! Lahordagi qamaldan maqsad meni sudga berish emas, balki saylovoldi kampaniyamni o‘tkaza olmasligim uchun qamab qo‘yish ekani ham isbotlandi. Endi hukumat meni hibsga olmoqchi ekanligi aniq. Ularning barcha yomon niyatlariga qaramay, men qonun ustuvorligiga ishonganim uchun Islomobodga sudga borish uchun ketyapman”, deb yozgan sobiq bosh vazir.
Shuningdek, u hozirda garchi buning uchun rasmiy sabab ko‘rmayotgan bo‘lsada, agar hibsga olinsa, o‘zining muxolifatdagi “Adolat harakati” partiyasiga rahbarlik qilish uchun qo‘mita tuzganini ma’lum qilgan. Xon agar sud uning erkinligini cheklashga qaror qilsa, butun Pokiston bo‘ylab o‘z tarafdorlarining juda kuchli reaksiyasidan qo‘rqishini qo‘shimcha qilgan.
Bundan tashqari, Xon siyosiy raqiblari va Pokiston armiyasi uni bu yil bo‘ladigan umumiy saylovlardan chetlatishni istashini da’vo qilib, armiyaning davlat siyosatidagi roli cheklanishi kerakligini aytgan. Sobiq bosh vazir o‘z hayotiga yana bir suiqasd qilinishi mumkinligini ham inkor etmagan.
Imron Xonga qarshi sud jarayonlari
2022 yil oktyabr oyida Pokiston Saylov komissiyasi Xonni saylovlardan chetlashtirgan va Bosh vazir sifatida daromadlari to‘g‘risida noto‘g‘ri moliyaviy hisobot bergani uchun uni besh yil muddatga davlat lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan. Qaror Xonning sovg‘alarni sotishdan tushgan kamida 36 million Pokiston rupiyini (137,7 ming dollar) o‘zlashtirgani va unga qarshi olib borilgan tergov fonida qabul qilingan.
OAVga ko‘ra, Imron Xon Yaqin Sharq davlatlari rahbarlari tomonidan umumiy bozor qiymati 154 million rupiy (1,897 million dollar) bo‘lgan sovg‘a sifatida taqdim etilgan bir nechta qo‘l soatlarini sotishda gumon qilingan. Imron Xon go‘yoki bu sovg‘alarni sezilarli chegirma bilan sotgan, so‘ngra olingan summaning atigi 20 foizini Toshaxon davlat omboriga o‘tkazib, savdodan qolgan pulni o‘zlashtirgan. Pokiston hukumati esa Bosh vazir va xorijiy davlatlar rahbarlari o‘rtasidagi sovg‘alar almashinuvi mamlakatlararo munosabatlarni aks ettirishini, bunday ma’lumotlarning oshkor etilishi xalqaro munosabatlardagi mamlakat manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin ekanini bildirgan.
2022 yilning noyabriga kelib, Islomobod sudi Xonga hukumat boshchiligida xorijiy davlat rahbarlaridan olingan qimmatbaho sovg‘alarni sotish aybi bilan jinoiy ish ochgan.
Joriy yilning 28 fevralida Pokiston poytaxti sudi sobiq Bosh vazir Imron Xonni doimiy ravishda sud majlislarida ishtirok etmagani sababli hibsga olish to‘g‘risida order bergan. 7 mart kuni Islomobod Oliy sudi sud qarorini to‘xtatib, Xonni 13 mart kuni bo‘lib o‘tadigan sud majlisida shaxsan ishtirok etishini buyurgan. Belgilangan kuni Xon yana sudga kelmagan, buni advokatlar uning sog‘lig‘i yomonligi va Xonning 2022 yil noyabr oyida unga suiqasd uyushtirilishi oqibatida orttirgan “nogironligi” bilan izohlagan. Shu munosabat bilan sobiq Bosh vazirni hibsga olish uchun order yangilangan.
14-15 mart kunlari huquq-tartibot idoralari xodimlari Xonni sud qaroriga asosan hibsga olishga harakat qilgan, biroq ular “Adolat Harakati” partiyasi tarafdorlarining qarshiliklariga duch kelgan, oqibatda 60 dan ortiq politsiyachi jarohat olgan. Shu bilan birga, Xonning Islomoboddagi advokatlari sudyalarni uning hibsga olish orderini sudga o‘zi kelishi sharti bilan yana to‘xtatib turishga ko‘ndirgan.
Ma’lumot uchun, Pokistonning sobiq bosh vaziri 2022 yil 10 aprelda unga bildirilgan ishonchsizlik votumi natijasida lavozimidan chetlatilgan. Bundan oldin Xon o‘z hukumatiga Qo‘shma Shtatlar va mahalliy muxolifat tomonidan tahdid qilinganini aytgan. Sobiq Bosh vazir o‘ziga qarshi siyosiy jarayon xorijdan moliyalashtirilganini ta’kidlagan.
LiveBarchasi