Polshaning g‘arbiy qismlari Stalinning tuhfasi – Putin

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Polshaning g‘arbiy hududlari Stalinning “sovg‘asi” ekanini va Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ushbu mamlakat SSSRning sharofati bilan mustaqillikka erishganini iddao qildi. Bu haqda u Rossiya Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bilan bo‘lgan uchrashuvida gapirdi.

Putinning da’vo qilishicha, Polsha o‘tgan asrning 20-30-yillarida sharqiy hududllaridagi aholini polyaklashtirgan va ularni polyak aholisiga assimilyatsiya qilishni, mahalliy madaniyatlar hamda pravoslavlikni bostirish harakatini amalga oshirgan. Bunday siyosat oxir-oqibat 1939 yilda mustaqilligini yo‘qotishiga olib kelgan. 

Putin so‘zida davom etar ekan, Polshaning g‘arbiy qismlarini “Stalinning tuhfasi” deb atagan va Rossiya buni Varshavaga eslatishi mumkinligini aytgan.

Bundan tashqari, u Polsha o‘z mustaqilligini Rossiya sababli qo‘lga kiritganini qo‘shimcha qilgan. Ayni paytda Putin Rossiya Tashqi razvedka boshqarmasi rahbari Sergey Narishkin u bilan uchrashuvda Polsha G‘arbiy Ukrainaga harbiy kontingent yuborishni o‘ylayotgani haqida xabar berganini aytgan.

Rossiya yetakchisi, shuningdek Polsha Belarusning bir qismini egallab olmoqchi ekani haqidagi da’voni ham ilgari surgan.

“Polsha yetakchilariga kelsak, ehtimol ular NATO soyasida qandaydir koalitsiya tuzib, Ukrainadagi mojaroga bevosita aralashgan holda, keyin o‘zlari uchun kattaroq bo‘lakni “uzib olish”, o‘zlari ishonganidek, o‘z tarixiy hududlarini – bugungi G‘arbiy Ukrainani qo‘lga kiritishni kutishayotgandir”, degan u.

Ma’lumot uchun, 1939 yilning 23 avgustida natsistlar Germaniyasi va Sovet Ittifoqi o‘rtasida tuzilgan Molotov-Ribbentrop paktining maxfiy protokoli bo‘yicha o‘sha yilning 1 sentyabrida Germaniya Polshaga bostirib kirgan va shu bilan Ikkinchi jahon urushi boshlangan. Kelishuv bo‘yicha SSSR ham 17 sentyabrda ittifoq hududidagi ukrain va belarus aholisini himoya qilish bahonasida Polshaning sharqiy qismiga kirib borgan. Ikki davlatning maxfiy kelishuvi Sharqiy Yevropada SSSR va Germaniya ta’sir doiralarini belgilab bergan. Unga ko‘ra, Polsha ikkiga bo‘lingan. Urushdan so‘ng Polsha uzoq vaqt kommunistik tuzumga qarshi qo‘zg‘alonlar olib borgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, partizanlik urushlarida 200 minglab polshaliklar qatnashgan.

Ta’kidlash joizki, Putin bunday keskin va ochiq bayonotlarni berishga odatlanmagan edi. Uning o‘rniga, asosan, tirikligida Vladimir Jirinovskiy va shuningdek, Davlat Dumasining bir nechta deputatlari, Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova hamda Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedevdan bu kabi bayonotlarni kutish mumkin edi. Xususan, Medvedev yaqinda Rossiya va NATO o‘rtasida urush kelib chiqsa, Polsha yo‘q bo‘lib ketishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Pol'sha

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing