Polshalik er-xotin televizor ko‘rayotganda uyi dron zarbasiga uchradi

Olam

image

Polsha sharqidagi Viriki-Vola qishlog‘ida istiqomat qiluvchi pensioner Tomash Vesolovskiy dron zarbasidan omon qoldi. Kecha, 10 sentyabr kuni dron uning uyiga urilib tushganda u televizorda Rossiya dronlarining Polsha havo hududiga kirib kelayotgani haqidagi yangiliklarni tomosha qilayotgan edi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Vesolovskiy uyning pastki qavatida bo‘lgan paytda, soat 06:30 da dron uyning yuqori qismiga zarba berdi. Oqibatda tom vayron bo‘ldi, yotoqxonaga zarar yetdi va bog‘ bo‘ylab parchalar sochildi.

“Men televizorni yoqdim, hamma yangiliklar dronlar parvozi haqida edi. Bir muddatdan keyin tepamdan samolyot uchib o‘tganini eshitdim... va to‘satdan portlash bo‘ldi, pastki qavatdagi mehmonxona shiftidan chiroq qulab tushdi. Men hovliga chiqib qarasam, butun tom buzilib ketgan, hamma narsa vayron bo‘lgan” dedi u.

Vesolovskiyning rafiqasi Alicha ham tashqariga chiqqan va tepada samolyotni ko‘rgan. U “bizga bomba tashlanyaptimi yoki kimdir bizga o‘q uzarmikin” deb o‘ylagan. Ikkalasi ham jarohatlanmagan.

Polshaning ma’lum qilishicha, dronlar Rossiya qo‘shni Ukrainaga hujum qilgan paytda uning havo hududiga kirgan va ularning ba’zilari urib tushirilgan. Rasmiylarning aytishicha, keyinchalik turli joylarda 12 ta dron va bir raketa parchalari topilgan.

Qo‘shnisi Ursula Zaprzaluk ham tepada samolyot tovushini eshitgan.

“To‘satdan portlashga o‘xshash tovush eshitdim. Darrov o‘rnimdan sakrab turdim, oyoqlarim titrardi... Balkonga chiqdim. Daraxtlar orasidan qo‘shnimning tomi shikastlanganini ko‘rdim”, dedi u. 

Uning hovlisi ham parchalar bilan to‘lib ketgan, mo‘ri va ayrim plitkalar shikast yegan, xonadonning oynasi singan.

“Men bu urushdan (Ukrainadagi) juda qo‘rqaman,” dedi u.

U onasining Ikkinchi Jahon urushi haqida so‘zlab bergan voqealarini eslab, qo‘shimcha qildi:

“Yaxshisi, bu urush bizga yetib kelmasa bo‘ldi”.

Eslatib o‘tamiz, 10 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Ivano-Frankovsk, Xmelnitskiy, Jitomir viloyatlari, shuningdek, Vinnitsa va Lvov shaharlaridagi Ukraina harbiy-sanoat kompleksi korxonalariga uzoq masofali aniqlikdagi qurollar va uchuvchisiz uchoqlar yordamida yirik zarba berdi.

Polsha Qurolli kuchlari operativ qo‘mondonligi mamlakat hududiga uchib kelgan bir nechta dronlar yo‘q qilingani haqida xabar berdi. Mamlakat Bosh vaziri Donald Tusk dronlar Rossiyaga tegishli ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar “to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf tug‘diruvchi” dronlarni urib tushirgan.

Shundan so‘ng, Polsha Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning muvaqqat ishlar vakili Andrey Ordashni chaqirtirdi. Diplomat Polsha rasmiylarining dronlarning Rossiyaga qarashli ekani haqidagi bayonotlarini asossiz deb atadi va bu xabarlar hech qanday dalil bilan tasdiqlanmasligini ta’kidladi.

Tusk NATO ittifoqchilari va NATO Bosh kotibi Marko Ryutte bilan doimiy aloqada ekanini aytdi. U ittifoqchilar bilan ittifoq nizomining 4-moddasi bo‘yicha maslahatlashishni so‘radi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron dronlarning Polsha havo hududida paydo bo‘lishida Rossiyani ayblagan bo‘lsa, Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas dronlarning Polsha osmonida “tasodifan” paydo bo‘lganiga shubha qildi. Biroq “Reuters” agentligining NATOdagi manbalariga tayanib xabar berishicha, alyans hodisani hujum deb hisoblamaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Pol'sha dron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing