Polshada 200 yo‘lovchisi bo‘lgan ikki poyezd to‘qnashdi (video)
Olam
−
26 iyun 4264 2 daqiqa
Polshaning g‘arbiy qismida ichida 200 nafar passajiri bo‘lgan ikki yo‘lovchi poyezdi to‘qnashib ketdi. Bu haqda Polsha davlat axborot agentligiga tayanib, TVP World xabar berdi.
Mahalliy favqulodda xizmatlarning ma’lumotiga ko‘ra, kecha, 25 iyun kuni hodisa Buyuk Polsha voyevodaligidagi Pila tumani hududida joylashgan Byaloslive qishlog‘i yaqinida mahalliy vaqt bilan soat 18:04 atrofida sodir bo‘lgan. To‘qnashuvda Pila–Bidgoshch yo‘nalishida harakatlangan Polregio mintaqaviy poyezdi hamda Byalogard–Varshava-Vsxodnya yo‘nalishida qatnagan PKP Intercity poyezdi ishtirok etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqaviy poyezd Intercity poyezdining orqa qismiga kelib urilgan. Oqibatda Intercity poyezdining oxirgi vagoni hamda ikkinchi poyezdning bir qismi relsdan chiqqan. Favqulodda xizmatlarning ma’lum qilishicha, to‘qnashuv vaqtida ikki poyezdda jami 200 nafarga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan.
Buyuk Polsha yong‘in xizmati matbuot kotibi Martin Xalash PAP agentligiga “bir necha kishi” jarohat olganini bildirgan.
“Hozir jabrlanganlarni saralash jarayoni davom etmoqda. Qancha odamga tibbiy yordam kerakligi va ularga qanday darajada yordam ko‘rsatilishi aniqlanmoqda”, degan u.
Hodisa joyida yong‘in xizmatining 16 ta bo‘linmasi, shuningdek politsiya va tez tibbiy yordam xodimlari ish olib bormoqda. To‘qnashuv tufayli Pila–Bidgoshch temir yo‘l yo‘nalishida harakat to‘liq to‘xtatilgan. Polsha temir yo‘l infratuzilmasi operatori matbuot kotibi Bartosh Petrjikovskiyning aytishicha, harakat faqatgina mutaxassislar avariya temir yo‘l izlari yoki boshqa infratuzilmaga zarar yetkazmaganini tasdiqlaganidan keyin qayta tiklanadi.
PKP Intercity'ning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, poyezdlar yuzma-yuz to‘qnashmagan. Ular strelka orqali yo‘l almashtirish jarayonida bir-biriga tegib ketgan bo‘lishi mumkin. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, mintaqaviy poyezd Intercity poyezdining orqa qismiga urilgan, ammo hodisaning aniq sabablari hali rasman tasdiqlangani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Myunxen shahrida ikki yuk poyezdi to‘qnashib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi