Polshada 2 o‘smirni pichoqlagan o‘zbekistonlik aslida jabrlanuvchi bo‘lib chiqdi
Jamiyat
−
24 iyul
14951Avvalroq, Polshada o‘zbekistonlik erkak 15 yoshli ikki o‘smirga pichoq bilan hujum qilgani xabar qilingandi. Biroq u mazkur holatda jabrlanuvchi bo‘lib chiqdi. Bu haqda O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi xabar berdi.
“Xorijiy OAV vositalarida O‘zbekiston fuqarosi bilan bog‘liq jinoyat yuzasidan tarqalgan ma’lumotlarga oydinlik kiritish hamda hamyurtimizga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida Varshava huquq-targ‘ibot idoralari bilan muloqot olib borildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, internet sahifalarida ayblanuvchi sifatida ko‘rsatilgan 1998 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi ovqat yetkazib berish xizmatida ishlab kelgan M.K. ekanligi aniqlangan. U internet tanishuv sahifalari orqali bir qiz bilan tanishib, firibgarlarning tuzog‘iga tushgan. Voqea Varshava shahridagi Brodnensk bog‘ida bo‘lgan. Qiz uni talon-toroj qilish maqsadida o‘zining hamyurtlari oldiga olib kelgan. O‘zbekiston fuqarosi kaltaklangandan so‘ng o‘zini himoya qilgan.
Politsiyaning xabar berishicha, hozirda nafaqat o‘zbekistonlik, balki o‘smirlar ham qo‘lga olingan, chunki ular “25 yoshli yigitga qarshi jinoyat” sodir etgan.
TVN muxbirlarining norasmiy ravishda aniqlik kiritishicha, 13 yoshli qiz o‘rmonda 25 yoshli o‘zbekistonlik yigit bilan uchrashishga kelishib olgan. U yetib kelgach, 15 va 16 yoshli o‘smirlar yigitning mashinasining kaliti va telefonini olib qochgan. U pichoqni olib, ikki o‘smirni yaralagan. Qutqaruvchi voqea joyida bo‘lib, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Hozir ikki o‘smir shifoxonada.
“Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, M.K. hozirda jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatma bermoqda va bugun, 24 iyul kuni tergovdan so‘ng qo‘yib yuboriladi. Holat Dipvakolatxona nazoratiga olindi”, deyiladi elchixona xabarida.