Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari “Gazprombank“ni SWIFT'dan uzishni talab qilmoqda

Olam

image

Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari Yevropa Ittifoqidan Rossiyaning “Gazprombank”ini SWIFT tizimidan uzish, Rossiyadan gaz va alyuminiy importini taqiqlashni talab qilmoqda. Bu haqda “EuObserver” ma’lum qildi

“Gazprombank“ Rossiyadagi uchinchi eng yirik bank bo‘lib, Rossiya gazi uchun barcha xalqaro to‘lovlar u orqali amalga oshiriladi. O‘tgan yili Yevropa Ittifoqi Rossiyadan 61 milliard kub metr tabiiy hamda 22 milliard kub metr suyultirilgan gaz sotib olgan. 

“Bankning Rossiyada davlat pullarini o‘zlashtirish sxemasidagi rolini, shuningdek, Kremlning siyosiy manfaatlarni ilgari surish uchun bankdan foydalanishini hisobga olgan holda, “Gazprombank“ni SWIFT'dan uzib qo‘yish ustuvor va ramziy ahamiyatga ega”, deyiladi Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlarining qo‘shma bayonotida. 

Ularning fikriga ko‘ra, Yevropa ittifoqi iloji boricha ko‘proq Rossiya banklari va moliya institutlari hamda ularning sho‘ba korxonalari aktivlarini muzlatib qo‘yishi kerak.

“Banklar va moliya institutlar aktivlarini muzlatib qo‘ymaslik, banklar SWIFT'dan butunlay uzilib qolgan taqdirda ham operatsiyalar boshqa yo‘llar orqali amalga oshirilishi mumkinligini anglatadi”, deb ta’kidlaydi sanksiyalarni kuchaytirish tashabbuskorlaridan biri. 

Keyingi mantiqiy qadam sifatida esa Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga gaz importini taqiqlash kerakligi aytilmoqda. Shuningdek, Rossiyaga nisbatan choralar sifatida quyidagilar ko‘rilyapti:

  • “Drujba” neft quvuri orqali yetkazib berishni cheklash (u orqali Rossiya nefti Chexiya, Germaniya, Vengriya va Slovakiyaga yetkaziladi);
  • Belgiyaga olmos eksportini taqiqlash (olmos savdosi Rossiyaga yiliga 4 milliard yevrodan ko‘proq daromad keltiradi va buning 41 foizi Yevropa Ittifoqi hissasiga to‘g‘ri keladi);
  • Rossiya alyuminiysiga embargo;
  • Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlarga yuklarni ijaraga beradigan yoki tashiydigan xorijiy kemalar uchun Yevropa Ittifoqi portlariga kirishni yopish. 

Shuningdek, urushga qarshi namoyishlar kontekstida yig‘ilishlar erkinligini buzganlik va ommaviy senzura sharoitida so‘z erkinligini buzganlik uchun aybdor bo‘lgan rossiyaliklarga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish taklif etiladi. Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlarining fikriga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining qora ro‘yxatiga Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qarshi norozilik namoyishlarida qatnashuvchilarni ommaviy o‘zboshimchalik bilan hibsga olish va chaqiruvdan qochgan shaxslarni aniqlash uchun ishlatilgan yuzni aniqlash tizimini ishlab chiqish va undan foydalanishga mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar va tashkilotlar kirishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning fevral oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 10-paketini tasdiqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya SWIFT sanktsiyalar “Gazprombank”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing