Polsha Ukrainaga o‘z askarlarini yubormaydi – Tusk

Olam

image

Varshava Ukrainaga o‘z harbiylarini tinchlikparvar missiya doirasida yuborish niyatida emas, biroq bunday qaror qabul qiladigan davlatlarga logistika va siyosiy jihatdan yordam berishga tayyor. Bu haqda Polsha Bosh vaziri Donald Tusk bugun, 17 fevral kuni bergan bayonotida so‘z ochdi.

“Bizning Ukrainaga Polsha qo‘shinlarini yuborish rejamiz yo‘q, lekin bunday kafolatlar berishni istagan davlatlarga logistika va siyosiy jihatdan yordam ko‘rsatamiz”, dedi u.

Qayd etilishicha, Polsha Bosh vaziri 2024 yil dekabrida ham o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga jo‘natish ehtimolini rad etgan. Mahalliy matbuotning yozishicha, Varshava tarixiy sabablarga ko‘ra bunday missiyada ishtirok etishdan manfaatdor emas – Ikkinchi jahon urushidan oldin hozirgi G‘arbiy Ukrainaning bir qismi Polshaga tegishli bo‘lgan.

Bunga javoban Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Ukrainaga britan tinchlikparvar qo‘shinlarini yuborishga tayyor ekanligini bildirgan. OAV xabariga ko‘ra, u bu tashabbusni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan muhokama qilgan. Shu bilan birga Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Britaniya, Fransiya va Polsha harbiylarini yuborish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini iddao qilgan.

Germaniya hukumati esa tinchlikparvar kuchlar jo‘natish bo‘yicha muhokamalarga “erta” deb hisoblaydi.

“Avval Ukrainada qanday yo‘l bilan tinchlik o‘rnatilishini ko‘rish kerak. Shundan so‘ng biz sharoitni baholaymiz va qaysi chora-tadbirlarni amalga oshirish mumkinligini muhokama qilamiz”, deydi Germaniya hukumatining rasmiy vakili o‘rinbosari Kristian Xoffman.

Ma’lumot uchun, yanvar oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan harbiy mojaroning tartibga solinishi doirasida Yevropadan kamida 200 ming tinchlikparvar harbiy yuborilishi zarur bo‘lishini ta’kidlagan.

Biroq “The Financial Times” gazetasi o‘sha paytda Ukraina rasmiylari 40-50 ming xorijiy harbiyni jalb qilishni muhokama qilganini xabar qilgan. Bu kuchlar 1000 km uzunlikdagi front chizig‘ida xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya sobiq mudofaa vazirlari Grant Shepps va Gevin Uilyamson harbiy harakatlar tugaganidan keyin Ukrainaga “tinchlikparvar qo‘shinlari”ni yuborishi kerakligini aytgan edi. Sheppsning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya “Putinning noqonuniy bosqiniga qarshi” Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda birinchi o‘rinda bo‘lgan va London endi Kiyevga NATOga a’zo bo‘lishida yordam berishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Pol'sha Donal'd Tusk tinchlikparvar missiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing