Polsha razvedkasi Rossiyaning 45 diplomatini haydayapti

Olam

image

Polsha razvedka xizmati Varshava tomonidan razvedka faoliyatida ayblanayotgan 45 nafar rossiyalik diplomatlar ro‘yxatini tayyorlab, mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etdi. Bu haqda bugun, 23 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Polsha Maxsus xizmatlari ishini muvofiqlashtirish vazirligi Matbuot kotibi Stanislav Jarin ma’lum qildi. 

“Ichki xavfsizlik agentligi Polshada diplomatik niqob ostida ishlayotgan 45 kishidan iborat ro‘yxatni tayyorladi. Bular diplomatik maqomga ega bo‘lgan, lekin Polshaga qarshi razvedka faoliyatini amalga oshirayotgan odamlardir”, deydi u. 

Jarinning so‘zlariga ko‘ra, “TIVga topshirilgan ro‘yxatda Rossiya maxsus xizmatlari xodimlari bilan birga ular bilan hamkorlik qiluvchi shaxslar ham bor”. Bu shaxslarning faoliyati Polsha qonunlarini buzadi va Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga ziddir. 

Tashqi ishlar vazirligi hujjatni tasdiqladi va Rossiyaning Polshadagi elchisi Sergey Andreyevga razvedka faoliyatida ayblanayotgan 45 nafar rossiyalik diplomat chiqarib yuborilishi haqida notani topshirdi. 

“Men Tashqi ishlar vazirligidan 45 nafar xodimimiz – elchixonamiz, savdo missiyamiz – Vena konvensiyasiga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyati uchun chiqarib yuborilishi to‘g‘risida nota oldim. Xodimlarimiz oddiy diplomatik va savdo faoliyati bilan shug‘ullangan. Bunday ayblovlar uchun hech qanday asos yo‘q”, deydi elchi TIVdagi uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga.

Uning o‘zi respublikadan chiqarib yuborilishi kerak bo‘lgan diplomatlar ro‘yxatida yo‘q.  

“Men persona non grata deb e’lon qilinganim yo‘q. Men qolaman. Rasmiy ravishda, munosabatlar buzilmagan. Elchixonalar bor, elchilar bor”, deydi u. 

Shuningdek, elchi, Varshavaning harakatlariga javoban Polsha diplomatlarining Rossiyadan chiqarib yuborilishini ham istisno etmagan. 

Elchi ta’kidlaganidek, Polsha ro‘yxatga kiritilgan diplomatlar Polshani turli vaqtlarda, ko‘pi bilan besh kun ichida tark etishlari kerak. Ketayotgan diplomatlarni yangi xodimlar bilan almashtirish ko‘zda tutilmagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Pol'sha Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

160

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing