Polsha Prezidenti Zelenskiydan oliy ordenni olib qo‘ydi
Olam
−
20 iyun 5658 3 daqiqa
Polsha Prezidenti Karol Navrotskiy Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalaridan biriga “Ukraina qo‘zg‘olonchilar armiyasi” (UPA qahramonlari) nomi berilgani sababli Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyni “Oq burgut” ordenidan mahrum qildi. Bu haqdagi tegishli bayonot Polsha prezidentining rasmiy saytida e’lon qilindi.
“Prezident Vladimir Zelenskiyning Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalaridan biriga “UPA qahramonlari” nomi berilishiga rozilik berganini inobatga olib hamda Kapitul bilan maslahatlashuvlardan so‘ng, men Ukraina prezidentini “Oq burgut” ordenidan mahrum qilish haqida qaror qabul qildim”, deydi Navrotskiy o‘z murojaatida.
U ushbu qadam “Ukraina xalqiga qarshi qaratilmaganini” va “Polsha xavfsizlik siyosatining strategik yo‘nalishi o‘zgarganini anglatmasligini” alohida ta’kidlagan.
“Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaganmiz va qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz”, deydi u.
Polsha Prezidenti Polsha jamiyatining salmoqli qismi uchun UPA Ikkinchi jahon urushi yillarida Polsha fuqarolariga qarshi sodir etilgan jinoyatlar bilan bog‘lanishini eslatib o‘tgan. Navrotskiyning qayd etishicha, Varshava ushbu masalaning nozik jihatlarini Kiyevga bir necha bor ko‘rsatgan va harbiy qismga nom berish to‘g‘risidagi qaror oqibatlarini qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan, biroq “Ukraina tomonining pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolgan”.
Xuddi shu kuni Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Navrotskiyning qaroriga javoban Polshaning davlat mukofoti – 2022 yilning oktyabr oyida o‘ziga berilgan “Polsha oldidagi xizmatlari uchun” ordenining yulduzli Komandor xochidan voz kechgan. Ukraina vaziri davlat mukofotini Polshaga qaytarib berishini ma’lum qilib, “gap ordenlarda emas, balki munosabatda” ekanini bildirgan.
Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmasiga “UPA qahramonlari” nomi berilishi Polshada keskin reaksiyaga sabab bo‘lgan: Navrotskiy Seym deputati Gjegoj Plachekning Zelenskiyni mukofotdan mahrum qilish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. Polsha Mudofaa vazirligi rahbari Vladislav Kosinyak-Kamish “kesib o‘tish mumkin bo‘lmagan chegaralar borligini” aytgan, respublika TIV esa Ukrainaning Varshavadagi elchisi Vasiliy Bodnarni chaqirtirgan. Polshaning Ukrainadagi sobiq elchisi Bartosh Chixotskiy ham “UPAning ulug‘lanishi sababli” 2025 yilda Zelenskiydan olgan “Xizmatlari uchun” medalini qaytarib bergan.
“Rzeczpospolita” nashrining manbalarga tayanib yozishicha, Navrotskiy Kiyevga “imkoniyatlar oynasi” taqdim etgan holda, Zelenskiydan Polshaning oliy davlat mukofotini qaytarib olish jarayonini ma’lum vaqt davomida ongli ravishda boshlamay turgan.
Zelenskiy “Oq burgut” ordenini 2023 yilning aprel oyida qabul qilib olgan edi – o‘sha paytdagi Polsha Prezidenti Anjey Duda ushbu mukofotni topshirayotib, u “o‘z hayoti bilan Polsha Respublikasiga ulkan hissa qo‘shgan alohida insonlarga” berilishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, UPA – Ukraina qo‘zg‘olonchilar armiyasi (Ukraїnska povstanska armіya) bo‘lib, Ikkinchi jahon urushi davrida (1942–1953 yillarda) faoliyat yuritgan harbiylashtirilgan siyosiy tashkilotdir. Uning siyosiy rahnamosi Stepan Bandera bo‘lgan. Zamonaviy Ukraina rasmiy tarixida va jamiyatining ma’lum bir qismida UPA vakillari milliy qahramonlar sifatida ko‘riladi. Biroq Polsha, Rossiya va bir qator xalqaro tarixchilar uchun UPA a’zolari qahramon emas, balki shafqatsiz harbiy jinoyatchilar va radikal millatchilar hisoblanadi. Xususan, Volin qirg‘ini (1943–1944): Polsha tarixidagi eng og‘riqli nuqta. Urush davrida UPA jangchilari hozirgi Ukrainaning g‘arbiy qismida (Volin viloyatida) yashagan etnik polshaliklarga qarshi ommaviy qirg‘in uyushtirgan. Oqibatda 50 mingdan 100 minggacha tinch aholi shafqatsizlarcha o‘ldirilgan. Polsha Seymi bu voqeani genotsid deb tan olgan.
Live
Barchasi