Polsha Prezidenti ukrainaliklarga yordam to‘g‘risidagi qonunga veto qo‘ydi
Olam
−
26 avgust 2025 5727 2 daqiqa
Polsha Prezidenti Karol Navrotskiy Ukraina fuqarolariga yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan nafaqa to‘lash va vaqtinchalik himoya maqomini uzaytirishni nazarda tutuvchi tuzatishlarga veto qo‘ydi. Bu haqda kecha, 25 avgust kuni “Rzeczpospolita” xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, qochqinlarning vaqtinchalik himoya va ijtimoiy imtiyozlarga, jumladan, voyaga yetmagan bolalar uchun shartsiz nafaqa hamda bepul tibbiy xizmatga bo‘lgan huquqi 2026 yil martigacha uzaytirilishi kerak edi. Qonun kuchga kirmasa, bu imtiyozlar joriy yilning 30 sentyabridan to‘xtaydi.
Navrotskiyning bildirishicha, Polsha ukrainalik qochqinlar uchun ochiq bo‘lib qolmoqda, biroq 2022 yildan buyon vaziyat o‘zgargan, shu sababli qonunchilikni moslashtirish zarur. Xususan, u nafaqalarni va bepul tibbiy xizmatni faqat ishlayotgan ukrainaliklar uchun qoldirishni taklif qilmoqda.
Prezident vetosidan so‘ng Bosh vazir o‘rinbosari Kshishtof Gavkovskiy bu qaror Ukraina tomonidan Starlink tizimidan foydalanishga xavf tug‘dirishini aytdi. Polsha ukrain armiyasi uchun sun’iy yo‘ldosh aloqasini moliyalashtirayotgan eng yirik donorlaridan biri bo‘lib, bu to‘lov aynan shu qonun bilan tartibga solinadi. Gavkovskiyning aytishicha, joriy yilning oktyabr oyidan boshlab Ukraina Qurolli kuchlarida Starlink bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Ma’lumot uchun, so‘nggi oylar davomida ko‘plab Yevropa davlatlari ukrainalik qochqinlarga yordamni kamaytirishga qaror qilmoqda. Germaniyada joriy yilning 1 aprelidan boshlab mamlakatga yangi kelgan ukrainaliklarga kamroq ijtimoiy nafaqa berilmoqda. Slovakiyada 2025 yil fevralidan qochqinlarning boshpana muddatlari va moliyaviy yordami qisqartirilgan. Chexiyada esa bepul gumanitar turarjoy muddati besh oydan uch oygacha qisqartirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi 2025 yilning dastlabki 7 oyi davomida Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromad hisobidan Ukrainaga 10,1 milliard yevro o‘tkazgani xabar qilingan edi. Xususan, yanvarda Kiyev 3 milliard yevro, aprelda 3,1 milliard yevro, mart, may, iyun va iyul oylarida esa har safar 1 milliard yevrodan olgan.
Live
Barchasi