Polsha “Katin qirg‘ini” bo‘yicha xalqaro sudga da’vo kiritmoqchi
Olam
−
11 aprel 2022
8567Polsha NKVD (Narodniy komissariat vnutrennix del SSSR — SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi) xodimlari tomonidan Katin o‘rmonida polyaklarning ommaviy qatl etilishi bo‘yicha ishni xalqaro sudga havola qilmoqchi.
“Genotsidning da’vo muddati yo‘q”, degan Polsha Prezidenti Anjey Duda.
Davlat rahbari “yaqin vaqt ichida” tegishli choralarni ko‘rish niyatida. U aynan qaysi sudga murojaat qilinishini aytmagan.
Dudaning so‘zlariga ko‘ra, polyaklarning ommaviy qatl etilishiga bugungi kunda “Rossiyaning mustaqil va demokratik Ukrainaga nisbatan ayovsiz tajovuzi” misol bo‘la oladi.
Smolensk yaqinidagi samolyot halokatining 12 yilligi
Polsha rahbarining bayonoti mamlakatning sobiq Prezidenti Lex Kachinskiy vafotining 12 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan. Bortida Polsha hukumati delegatsiyasi bo‘lgan Tu-154 samolyoti 2010 yil 10 aprel kuni Smolensk-Severniy aerodromiga qo‘nayotganda halokatga uchragan. Oqibatda bortdagi barcha 96 kishi, jumladan, davlat rahbari va uning rafiqasi, mamlakat oliy harbiy qo‘mondonligi vakillari, taniqli siyosatchilar, jamoat va din arboblari halok bo‘lgan. Ular Polsha zobitlarining NKVD xodimlari tomonidan qatl etilgani xotirasiga motam tadbirlariga yuborilgan bo‘lgan.
Katin o‘rmonidagi qatliom
1940 yil bahorida Polsha harbiy asirlarining birinchi guruhi Smolensk yaqinidagi Katin o‘rmoniga keltirilgan, keyinchalik ular NKVD xodimlari tomonidan otib tashlangan. Umuman olganda, Katinda 22 mingga yaqin polyak o‘ldirilgan. Ular, asosan, 1939 yil sentyabrda Sovet Ittifoqining Polshaga bostirib kirishidan keyin asirga olingan polshalik zobitlar bo‘lgan. Taxminan yarim asr davomida Moskva yuqoridagi holatda o‘z ishtirokini inkor etib kelgan. Faqat 1990 yilda SSSR Prezidenti Mixail Gorbachyov bunda Sovet maxsus xizmatining javobgarligini tan olgan.