Polsha Bosh vaziri Erdo‘g‘anning sovg‘asi sabab qamalishi mumkin
Olam
−
07 may 11085 2 daqiqa
Polsha Bosh vaziri Donald Tuskka ro‘yxatdan o‘tmagan sovg‘a uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilishi va unga 3 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Bu haqda “Rzeczpospolita” xabar berdi.
Ma’lum qilinishichga, gap Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning sovg‘asi haqida ketmoqda. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya rahbari Tuskka noyob tarixiy yodgorlik – Polsha kansleri Anjey Zelinskiyning 1745 yilda Usmonli imperiyasining bosh vaziriga yo‘llagan maktubini sovg‘a qilgan. Sovg‘a surati Tusk tomonidan uning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga joylashtirilgan.

Mamlakat qonunlariga ko‘ra, Bosh vazir sovg‘ani olgandan keyin 30 kundan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak edi. Turkiya Prezidenti sovg‘a qilgan maktub bilan bog‘liq holatda esa bunday qilinmagan. Amaldor tomonidan qimmatbaho sovg‘ani davlat reyestriga kiritmaslik, Polsha qonunlariga ko‘ra, uch yilga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘z navbatida, Polsha hukumatining axborot markazi ommaviy axborot vositalarining ro‘yxatdan o‘tkazilmagan sovg‘a haqidagi xabarlariga javoban Tusk tomonidan olingan yodgorlik “Tuskning o‘zi uchun emas, balki Polsha xalqi uchun sovg‘a ekanligini ma’lum qilgan”.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 may kuni noma’lum shaxs Niderlandiya Bosh vaziri Dik Sxof va Polsha Bosh vaziri Donald Tuskka Niderlandiyaning Vageningen shahrida bo‘lib o‘tgan memorial tadbirda chiqish qilayotgan chog‘da tutunli granata uloqtirgan edi.
Live
Barchasi