Polsha Belarus bilan chegarasini butunlay yopdi

Olam

image

Polsha Rossiya va Belarus o‘tkazayotgan “G‘arb-2025” qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari sababli Belarus bilan chegarasini to‘liq yopdi. Bu haqda Polsha Bosh vaziri Donald Tusk hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi. 

Uning aytishicha, mashg‘ulotlar “harbiy nuqtayi nazardan juda agressiv” ko‘rinadi, shu sababli xavfsizlik chorasi sifatida nafaqat avtomobil, balki temiryo‘l o‘tish joylari ham to‘laqonli yopilgan.

Mashg‘ulotlar 12–16 sentyabr kunlari o‘tkaziladi va ularda Rossiya hamda Belarusdan 13 mingdan ortiq harbiy qatnashadi. Rasmiylar ta’kidlaganidek, ular “ittifoq davlati”ni himoya qilish bo‘yicha manyovrlarni sinovdan o‘tkazadi. Mashg‘ulotlarni kuzatish uchun NATOga a’zo to‘qqiz davlatdan akkreditatsiya olgan harbiy attashelarga ruxsat beriladi. Belarus Mudofaa vaziri Viktor Xrenin ularning hech kimga qarshi qaratilmaganini ta’kidlagan.

Ukraina 22 avgust kuni Minskni ogohlantirib, mashg‘ulotlar paytida chegaraga yaqinlashmaslik, mudofaa kuchlarini “provokatsiya qilmaslik”ni maslahat bergan. Shu maqsadda Belarus g‘arbiy chegaradan qo‘shinlarini vaqtincha olib ketgan. Aleksandr Lukashenko bu orqali Minsk “Suvak yo‘lagini to‘sishga urinmoqda” degan ayblovlardan qochishga intilayotganini aytdi.

So‘nggi kunlarda vaziyat yanada keskinlashdi. 10 sentyabr kuni Polshaning Kshivuj koloniyasi hududida havo chegarasi buzildi, dronlar kirib keldi. Ularning ayrimlari Belorus tomonidan urib tushirildi. Tusk ularni Rossiya dronlari deb atab, bu haqda NATO Bosh kotibiga xabar berdi. Moskva esa bunday dronlar Ukrainadan uchirilganini aytib, Polshaga zarba berish rejalashtirilmaganini bildirgan. 

Shu bilan birga, Polsha Rossiyaning uchuvchisiz uchoqlarining o‘z havo hududiga bostirib kirgani sababli BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini talab qilgan.

Diplomatik inqiroz Polsha fuqarosi, 26 yoshli Gjegoj Gavelning Minskda “josuslik”da gumonlanib hibsga olinishi ortidan kuchaydi. U mashg‘ulotlar haqida ma’lumot to‘plaganlikda ayblanmoqda.

Tusk Belarus “provokatsiyalarni” davom ettirsa, “javob choralarini” ko‘rish bilan ogohlantirgan. Shu tarzda Polsha–Belarus–Rossiya o‘rtasidagi taranglik kuchaymoqda.

Eslatib o‘tamiz, Latviyaning Belarus va Rossiya bilan sharqiy chegarasi yaqinidagi havo hududi kecha, 11 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da yopilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

chegara Pol'sha Belarus' G'arb-2025

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing