Polsha AQSHdan yadro quroli so‘radi
Olam
−
13 mart
3812Polsha Prezidenti Anjey Duda AQSHdan Rossiyaning bo‘lajak agressiyasidan to‘xtatuvchi vosita sifatida Polshada yadro qurolini joylashtirishni so‘radi. Bu haqda u “Financial Times” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Duda Rossiya Belarusga taktik yadro qurollarini joylashtirganini ta’kidlab, Donald Tramp ham G‘arbiy Yevropa yoki AQSHda joylashgan yadro kallaklarini Polshaga ko‘chirishi mumkinligini taklif qilgan.
Uning aytishicha, u yaqinda Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog bilan bu g‘oyani muhokama qilgan. Shuningdek, Duda 2022 yilda AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati davrida muvaffaqiyatsizlikka uchragan yadroviy almashish bo‘yicha taklifni jonlantirishga umid qilmoqda.
“Rossiya o‘z yadroviy qurollarini Belarusga ko‘chirishda hech ikkilanmadi, hech kimdan ruxsat so‘ramadi. NATO chegaralari 1999 yilda sharqqa ko‘chdi, shuning uchun 26 yil o‘tgach, NATO infratuzilmasi ham sharqqa siljishi kerak”, deydi Duda.
Bu taklif G‘arb yetakchilari va razvedka agentliklarining Yevropada kelasi besh yil ichida keng ko‘lamli urush bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirishlari kuchaygan paytda paydo bo‘lgan.
Qayd etish joiz, o‘sha paytdagi Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va uning belaruslik hamkasbi Viktor Xrenin 2023 yilning may oyida Polshaning qo‘shnisi bo‘lgan Belarusga taktik yadro qurollarini topshirish bo‘yicha kelishuv imzolagandi.
Rossiyaning taktik yadroviy qurollari Yevropa va Osiyodagi jang maydonida foydalanish uchun mo‘ljallangan va strategik yadroviy qurollarga qaraganda AQSHga yetib borishi mumkin bo‘lgan masofadan ancha cheklangan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2022 yil fevralida keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Ukraina va G‘arbga bir necha bor yadroviy tahdidlar bilan chiqdi. Garchi bu tahdidlar amalga oshmagan bo‘lsa-da, Rossiyaning Ukrainadan tashqaridagi harbiy ambitsiyalaridan xavotirlar saqlanib qolmoqda.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham yadro siyosatidagi o‘zgarishlarga ishora qilib, joriy yilning 5 mart kuni Fransiya Yevropa Ittifoqidagilarini himoya qilish uchun yadroviy soyabonini kengaytirishga ochiqligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiy-havo kuchlariga tegishli ikkita B-52H Stratofortress yadroviy qurol tashishga qodir bombardimonchi samolyoti Buyuk Britaniyaning Ferford aviabazasiga yetib borgan edi. Ular Shimoliy Dakotadagi Maynot aviabazasida joylashgan 69-bombardimon eskadrilyasining tarkibiga kiradi. Yaqin kunlarda Buyuk Britaniyaga yana ikkita shunday samolyot yetib kelishi kutilmoqda. Hozircha ularning joylashtirilishiga oid batafsil ma’lumot berilmagan.
Bunyod Keldiboyev