AQSH Yevropaga yadroviy bombardimonchilarini joylashtirdi

Olam

image

AQSH harbiy-havo kuchlariga tegishli ikkita B-52H Stratofortress yadroviy qurol tashishga qodir bombardimonchi samolyoti Buyuk Britaniyaning Ferford aviabazasiga yetib keldi. Bu haqda “UK Aviation News” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ular Shimoliy Dakotadagi Maynot aviabazasida joylashgan 69-bombardimon eskadrilyasining tarkibiga kiradi. Yaqin kunlarda Buyuk Britaniyaga yana ikkita shunday samolyot yetib kelishi kutilmoqda. Hozircha ularning joylashtirilishiga oid batafsil ma’lumot berilmagan.

Bundan oldin Ferforddagi B-52 samolyotlari NATOning Boltiqbo‘yidagi mashg‘ulotlarida ishtirok etgan va mintaqadagi ehtimoliy Rossiya tajovuzining oldini olishga yo‘naltirilgan edi. O‘tgan yilning noyabridan dekabrgacha ular Finlyandiya, Shvetsiya va Litva ustida to‘qqizta o‘quv bombalash parvozini amalga oshirgan. Ushbu operatsiyalar davomida NATOga a’zo davlatlarning qiruvchi samolyotlari ularni kuzatib borgan.

Ma’lumot uchun, Boeing B-52H Stratofortress – uzoq masofali og‘ir yadro bombardimonchisi bo‘lib, u AQSH harbiy-havo kuchlari tarkibida 1955 yildan buyon xizmat qilib kelmoqda va doimiy ravishda modernizatsiya qilinmoqda. U 31,5 ming kilogrammgacha yuk tashish qobiliyatiga ega. Amerikalik bombardimonchilardan tashqari Ferford aviabazasida deyarli har kuni missiyalarni amalga oshira oladigan U-2 razvedka samolyoti ham joylashgan.

AQSH Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin Yevropadagi strategik kuchlarining ishtirokini kengaytirdi. Bu, jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning qo‘shni davlat va G‘arbga qarshi yadro tahdidlariga javoban amalga oshirildi. Faqatgina 2024 yilning o‘zida AQSHning operativ bombardimonchi guruhlari Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Ispaniya va Ruminiyaga yuborildi. Buning rasmiy sababi sifatida NATO ittifoqchilari va hamkorlari bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadi ko‘rsatildi. Joriy yil yanvar oyining o‘rtalarida AQSH Yevropada modernizatsiyalangan B61-12 yadroviy aviabombalarini joylashtirishni yakunlaganini e’lon qildi.

Milliy yadroviy xavfsizlik boshqarmasi rahbari Jill Xrubi NATO urush boshlanganidan keyin vujudga kelgan “tubdan yangi” yadroviy sharoitda kuch namoyish qilayotganini ta’kidladi. U, shuningdek, so‘nggi yillarda Rossiya bir necha bor xalqaro qoidalarga rioya qilmaganini va strategik barqarorlikni izdan chiqarganini qayd etdi. Masalan, Rossiya Zaporijya AESni qo‘lga kiritdi, Belarusga taktik yadro kallaklarini joylashtirdi, Yadro sinovlarini to‘liq taqiqlash haqidagi shartnomani ratifikatsiya qilishdan voz kechdi, ushbu qurolni qo‘llash chegarasini pasaytirib, tegishli doktrinani qayta ko‘rib chiqdi va kosmosda yadro qurolini joylashtirish ustida ishlay boshladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Skandinaviya qirolligi razvedka xizmati Daniyaga – NATO hududiga Rossiya hujumi xavfi yo‘qligi, biroq kelgusi yillarda bunday tahdidning paydo bo‘lish ehtimoli ortishi haqida hisobot bergan edi. Hisobot mualliflarining aytishicha, 2022 yildan beri Ukrainadagi harbiy harakatlar fonida Rossiya Qurolli kuchlarni keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish va isloh qilish ishlarini olib bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh yadro bombardimonchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing