Polsha aholini himoya qilishga 26 mlrd dollar sarflaydi

Olam

−

image

Bugun, 6 oktyabr kuni Polsha hukumati 2027–2031 yillarga mo‘ljallangan, umumiy qiymati 102,4 milliard zlotiy (qariyb 26 milliard dollar)ni tashkil etuvchi aholini himoya qilish va fuqaro mudofaasi dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror loyihasini qabul qiladi. Bu haqda Vazirlar kengashi yig‘ilishi oldidan Bosh vazir Donald Tusk ma’lum qildi.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lar boshpanalar qurish va ularni jihozlash, qutqaruv xizmatlarini rivojlantirish, suv va energiya yetkazib berishning uzluksizligini ta’minlash hamda favqulodda holatlar uchun zaxiralar yaratishga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, mablag‘ning bir qismini ogohlantirish tizimlari va axborot xavfsizligiga sarflash rejalashtirilmoqda. Umumiy summadan taxminan 30 milliard zlotiy (7,7 milliard dollar) hududlarga ajratiladi.

Yangi dastur 2025–2026 yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlarning davomi bo‘ladi. Ushbu davr mobaynida Polsha hukumati aholini himoya qilishga qariyb 34 milliard zlotiy yo‘naltirgan. Tuskning aytishicha, shu vaqtgacha bu kabi dastur doirasida Polsha “asosan shoshilinch xaridlarni, masalan elektr uzilishi xavfi tug‘ilganda generatorlarni moliyalashtirgan”. Biroq endilikda uni kengaytirishga qaror qilindi. 2024 yilning noyabr oyida mamlakatda fuqaro mudofaasi to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra har yili ushbu maqsadlar uchun YAIMning 0,3 foizi ajratilishi kerak.

“Bir vaqtning o‘zida Polsha davlatning urushga to‘liq shayligi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Hujjat milliy va ittifoqchi qo‘shinlarni ko‘chirishni soddalashtirish, infratuzilmani tayyorlash, mudofaa sohasidagi harakatlar rejasini NATO mezonlariga moslashtirish hamda doimiy navbatchilik tizimini isloh qilishni nazarda tutadi”, deydi mamlakat Mudofaa vazirligi rahbari Vladislav Kosinyak-Kamish.

Shuningdek, qonun loyihasi doirasida gibrid hujumlar, kibertahdidlar va dezinformatsiyaga qarshi turish uchun amaldagi me’yoriy hujjatlarni moslashtirish rejalashtirilmoqda. Kosinyak-Kamish bunday o‘zgarishlar zaruratini Polsha chegaralari yaqinida raketalar va dronlar bilan bog‘liq hodisalarning tez-tez takrorlanayotgani bilan bog‘lagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Estoniya elita qo‘shinlarini Rossiya bilan chegaraga yaqinroq joylashtirish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan harbiy mojaro holatida “faol mudofaa”ga tayyorgarlik ko‘rishga qaror qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing