Qoyil! Chusovitina rekordini yangiladi, u Tokioga boradi
Sport
−
10 Oktabr 2019
6609O‘zbekistonlik sport gimnastikasi bo‘yicha yetti karra olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi Oksana Chusovitina 2020 yil Tokioda bo‘lib o‘tadigan Yozgi olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Bu Chusovitinaning faoliyati davomida sakkizinchi olimpiadadagi ishtirok bo‘ladi. Oksananing Ginnes rekordlari kitobidagi rekordi yangiladi.
Germaniyaning Shtutgart shahrida bo‘lib o‘tayotgan sport gimnastikasi bo‘yicha jahon chempionati bahslarining tayanib sakrash turida ishtirok etayotgan 44 yoshli Chusovitina individual bahslarda Olimpiada yo‘llanmasini beruvchi normani bajardi va sakkizinchi bor bunday nufuzli turnirda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Chusovitinadan tashqari mazkur musobaqada ishtirok etayotgan yana bir o‘zbekistonlik sportchi Rasul Abdurahimov yakkalik bahslarda qayd etgan natijasi bilan olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik sportchilar soni ayni vaqtga kelib 10 nafarga yetdi.
Ma’lumot uchun, Oksana Chusovitina 1975 yilning 19 iyunida tug‘ilgan. U 1992 yildan boshlab 2016 yilga qadar o‘tkazilgan yettita olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan. Bu sport gimnastikasi tarixidagi eng yaxshi natija bo‘lgani sabab, sportchi 2016 yilda Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgan.
Oksana Chusovitina 1992 yilda MDH terma jamoasi tarkibida olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritgan. 2008 yilgi Pekin olimpiadasida esa Germaniya terma jamoasi safida ishtirok etib kumush medaliga sazovor bo‘lgan. Bundan tashqari u uch karra jahon chempioni (bittasida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida), to‘rtta kumush (ikkitasi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida) , to‘rtta bronza (uchtasi O‘zbekiston tarkibida) medallarini qo‘lga kiritgan.
Ikki karra Osiyo o‘yinlari chempionligini, to‘rtta kumush va ikkita bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Germaniya terma jamoasi bilan esa Yevropa chempionligi va Yevropa chempionatining to‘rtta kumush medalini qo‘lga kiritgan.
LiveBarchasi