Pokistonda qurollangan guruh konga hujum qildi. Qurbonlar bor

Olam

image

Pokistonning janubi-g‘arbiy Balujiston viloyatida qurollangan shaxslar kichik xususiy ko‘mir koniga hujum qilishi oqibatida kamida 20 nafar konchi halok bo‘ldi va yetti kishi yaralandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, tabiiy resurslarga boy bu hudud Afg‘oniston va Eron bilan chegaradosh bo‘lib, bu yerda o‘n yillardan beri qo‘zg‘olonchi guruhlarning davlatga qarshi kurashlari davom etmoqda va ular hukumatni mintaqa resurslaridan o‘z ulushini bermayotganlikda ayblayapti. Biroq ushbu hujum uchun hali biror guruh javobgarlikni zimmasiga olgani yo‘q. 

Politsiya boshlig‘i Humoyun Xonning ma’lum qilishicha, Dukki hududidagi Junaid Coal kompaniyasiga tegishli shaxtalarga tungi vaqtda qurollangan shaxslar tomonidan hujum uyushtirilgan. Ularning shaxtalarga raketalar va granatalar otgani ham aniqlangan.

Mahalliy OAVga ko‘ra, hujumchilar konchilarni bir joyga yig‘ib, keyin ularni o‘qqa tutgan, shuningdek, kon texnikasini ham yoqib yuborgan. Kompaniya rasmiysi mahalliy matbuotga ushbu hududda 10 ta ko‘mir koni joylashganini ma’lum qilgan.

“Hozirgacha 20 ta jasad va olti nafar yaradorni qabul qildik”, dedi mahalliy shifokor Johar Xon Shadizay.

Ma’lumot uchun, bu hududdagi qurolli hujumlar asosan hukumatga qarshi kurashayotgan bir nechta isyonchi guruhlardan biri bo‘lgan “Balujiston ozodlik armiyasi” tomonidan uyushtiriladi. Ular avgust oyida mintaqadagi eng yirik zo‘ravonliklardan birini amalga oshirgandi. O‘shanda jangarilar politsiya bo‘limlari, temiryo‘l liniyalari va avtomobil yo‘llariga hujum qilib, 70 dan ortiq odamni o‘ldirgan.

O‘tgan oyda ham bu hududda zo‘ravonliklar sodir bo‘lgan. Qurollangan shaxslar hududdagi panjoblik ishchilar yashayotgan uyga bostirib kirib, yetti kishini o‘ldirgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Karachi shahridagi xalqaro aeroport yaqinida joylashgan avtomobillar karvoni portlatilishi oqibatida ikki nafar xitoylik fuqaro halok bo‘lgan, uchinchisi yaralangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Pokiston hujum kon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made